️Buxoro viloyati Jondor tumanida ayol xorijdagi eri ularning holidan xabar olmayotgani va yetarlicha pul jo‘natmayotganidan jahl chiqib, 3−4 yoshli qizlarini kaltaklagandi. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, unga nisbatan jarima qo‘llanildi.

Qayd etilishicha, ayolning o‘z bolalariga nisbatan nomaqbul harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘irisidagi kodeksning 47-moddasi 1-qismida (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) ko‘rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari aniqlandi.

20-iyul kuni u tegishli jarima jazosiga (yuqoridagi modda bo‘yicha BHMning bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda) tortildi va “farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ona” sifatida ro‘yxatga olindi.

Tergovga qadar tekshiruv doirasida o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 4 yoshli O‘.S. va 3 yoshli O‘.S.larda hech bir darajadagi tan jarohati aniqlanmadi.

“O‘z farzandlariga ziyon yetkazishini oldini olish maqsadida onaga nisbatan maxsus ijtimoiy choralar ko‘riladi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida turmush o‘rtog‘i bilan videomuloqot chog‘ida janjallashib, o‘g‘lini bo‘g‘ishga uringan ayolga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Ayolning aytishicha, eri Rossiyada boshqa ayolga uylangan va qaytishni istamayapti. Bolamni bo‘g‘madim, erimni shunday qilib qo‘rqitmoqchi bo‘ldim, degan u.

Bir yilcha avval Kattaqo‘rg‘on tumanida Rossiyada bo‘lgan eriga jahl qilib, bolasini qiynaganini tasvirga olgan va turmush o‘rtog‘iga yuborgan kattaqo‘rg‘onlik ayol jazoga tortilgandi. 23 yoshli ona sudda bu ishni erini qo‘rqitish maqsadida qilganini aytgan. Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi ayol 7,5 mln so‘m jarima to‘laydigan bo‘lgan.