Reklama qonunchiligi buzilishi yuzasidan AVO Bank AJga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar qildi.

Qo‘mitaga bank ko‘rsatayotgan xizmatlari haqida noto‘g‘ri reklama tarqatayotgani yuzasidan murojaat kelib tushgan. Murojaatda bank saytining bonuslar sahifasida yangi mijozlarga 250 ming so‘mdan berilishi, ammo bu naqd pul ko‘rinishida bo‘lmasligi, aksincha mobil ilovada bonus ball sifatida ko‘rinishi aytiladi.

O‘rganishlarda haqiqatdan ham ushbu pul mablag‘larini mijozlarning hisobraqamlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazib berish imkoni mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.

Shu bilan birgalikda, AVO Bank`ning reklama axborotlarida ham bir qator kamchiliklar aniqlandi, deb yozdi qo‘mita. Jumladan, ayrim manbalarda bank kredit kartasi 0 foiz stavkada ekani ta’kidlangan.

“Vaholanki, AVO Bank AJning AVO Platinum kredit kartasi mablag‘laridan foydalanish shartlariga ko‘ra, mijozlarning ushbu kredit kartalari orqali amalga oshirgan xarid summalari uchun 45 kun davomida foizlar hisoblanmasligi, xarid amalga oshirilgan sanadan 45 kun o‘tgach ushbu pul mablag‘lari uchun belgilangan tartibda kredit foizlari hisoblanishi ma’lum bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.

Yuqoridagilar yuzasidan AVO Bank`ga nisbatan reklama va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgani sabab moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “Ipotekabank”ni ham jarimaga tortgani xabar qilingandi. Bank xizmatlarini reklama qilishda “chalg‘ituvchi”, “nomaqbul” usuldan foydalangan va axborotida omonatning muhim shartlarini ochib bermagan, deb topgandi qo‘mita.