O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumati turizmni rivojlantirish doirasida “Dugoba” alpinistlar lagerini tiklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov 18-iyul kuni “O‘zbekiston 24” telekanalining “Menimcha” ko‘rsatuviga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, viloyat delegatsiyasi Qirg‘izistonga borib, ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha yangi reja va loyihalarni belgilab olgan.

“Ikkinchisi, hamkorlikda turizmni kuchaytirish va rivojlantirish. Buning uchun bizda eng katta resurslarimizdan biri — Shohimardon bor. Bu Qadamjo-Shohimardon yo‘nalishidan hamkorlikda foydalanish. Qolaversa, ilgari juda ham mashhur bo‘lgan „Dugoba“ alpinistik lagerini birgalikda tiklamoqchimiz”, — dedi viloyat hokimligi rahbari.

18−19-iyul kunlari Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga tashrif buyurdi va Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda energetika, transport va to‘qimachilik sohalarida hamkorlik bo‘yicha qator yirik loyihalarni ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.

Davlat rahbarlari, shuningdek, keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot va yana 16 ta hujjat imzoladi. Issiqko‘ldagi kurort-hordiq xo‘jaligi obyektlari bo‘yicha hukumatlararo bitim shular jumlasidan.

“дугоба” alpinistlar lageri, дугоба, шоҳиmардон, қирғизистон

Dugoba” tog‘ lageri Qirg‘izistondagi O‘zbekiston anklavi bo‘lgan Shohimardon, shuningdek, Botken viloyatining Qadamjo shahri yaqinida joylashgan. obyekt archa o‘rmonlari hamda qoyali va qorli cho‘qqilar bilan o‘ralgan bo‘lib, ular orasida Ohunboyev (5200 m), Materei (5010 m), Frunze (4550 m) va boshqa cho‘qqilar ajralib turadi.

1982-yilda Uchqo‘rg‘on o‘rmon xo‘jaligi hududida tashkil etilgan tog‘ lageri O‘zbekiston SSRga uzoq muddatli foydalanish uchun berilgan. 1997-yilda “Dugoba” tog‘ lageri Qirg‘izistonga qaytarilgan.

Hozirda lagerda bir nechta dam olish maskanlari mavjud bo‘lib, ularning xodimlari 2018-yil avgust oyida chegara muammolari haqida xabar berishgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, xorijlik sayyohlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktidan o‘tishda qiyinchiliklarga duch kelgan.