19-iyulda O‘zbekiston prezidentining “2024/2025 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi farmoyishi [F-36-son] qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar qildi.

Farmoyishga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari quyidagicha tasdiqlandi:

  • bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga — 34 838 nafar (o‘tgan yili 34 860 nafar edi) etib;
  • magistrlar tayyorlash bo‘yicha — 9 365 nafar (o‘tgan yili 8 923) etib.

Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bir hafta muddatda quyidagi takliflarni Davlat komissiyasiga taqdim etadi:

  • respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga ajratilgan 1200 ta davlat grantining taqsimoti yuzasidan;
  • Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda xotin-qizlar uchun ajratilgan 2000 ta davlat grantining taqsimoti yuzasidan;
  • o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat, san’at va hunarmandchilik yo‘nalishlarida o‘qish istagini bildirgan, xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun 30 ta davlat granti bo‘yicha.

Bundan tashqari, davlat oliy ta’lim muassasalariga kirishda to‘plagan baliga nisbatan ma’lum miqdordagi qo‘shimcha ball beriladigan shakldagi imtiyozga ega abituriyentlar 2024/2025 o‘quv yilida tanlagan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan o‘tish bali va undan yuqori ball to‘plagan taqdirda, to‘plagan baliga mos ravishda davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha kvota bilan talabalikka tavsiya etiladi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning tushuntirishicha, joriy yildan boshlab davlat grantlari oliygohlar uchun berilmaydi, balki yo‘nalish uchun ajratiladi.

“Masalan, Toshkent davlat yuridik universiteti uchun aniq grant kvotasi bo‘lmaydi, 50 ta oladi, 100 ta oladi, deyilmaydi. Balki yurisprudensiya yo‘nalishi uchun umumiy grant kvotasi ajratiladi. Bunda respublikadagi barcha oliygohlardagi yurisprudensiya yo‘nalishiga topshirgan abituriyentlar orasida kvota doirasida eng yuqori ball to‘plaganlari, qaysi OTMga topshirganidan qat’i nazar, grantga kiradi. Bu degani endi ayrim oliygohlarda grantga kirgan bironta talaba bo‘lmasligi mumkin”, — deb yozdi huquqshunos.

Huquqshunos buni quyidagi misollar bilan tushuntirdi.

“2024-yilda yurisprudensiya yo‘nalishi uchun 115 ta grant kvotasi ajratilibdi. Masalan, TDYUU, O‘zMU, QDU, SamDU va NamDUda yurisprudensiya yo‘nalishi bor deylik. Mana shu 5 ta oliygohning yurisprudensiya yo‘nalishiga topshirgan barcha abituriyentlar ballar ketma-ketligida taxlab chiqiladi va eng yuqori ball olgan 115 nafar abituriyentga grant beriladi. Shunda, misol uchun, TDYUga 50 ta grant, O‘zMUga 25 ta grant, QDUga 20 ta grant va h.k. to‘g‘ri kelishi mumkin”.

“Ya’ni davlat endi falon universitetga grant beraman, degandan ko‘ra, ma’lum bir yo‘nalishga topshirgan va yuqori ball olgan aqlli abituriyentlarga grant beraman, deyapti. Bu degani endi qaysidir oliygohga 160 ball bilan kontraktga kirib, boshqa bir oliygohda xuddi shu yo‘nalishga 100 ball bilan grantga kirish degan narsa yo‘qoladi”.

“Faqat bitta istisno joyi bo‘ladi. Davlat grantining barcha kvotasini bitta oliygoh olib qo‘yishining oldini olish maqsadida cheklov qo‘yiladi. Masalan, 115 ta kvotaning hammasi TDYUga to‘g‘ri kelib qolishi mumkin. Bunaqa paytda, masalan, 50%lik cheklov qo‘yiladi. Ya’ni TDYU faqat 115 ta kvotaning yarmini, ya’ni 57 ta grant kvotasini olishi mumkin bo‘ladi”, — deya yozib qoldirdi huquqshunos.