Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirokida “KINGSMAN UZBEKISTAN” kiyimlar do‘koni haqidagi reklama bo‘yicha o‘rganish ishlarini yakunladi.

2-iyul kuni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov mahalliy kiyim brendining reklama roligida ishtirok etgani aks etgan video tarqaldi. Raqobat qo‘mitasi holatni nazoratga oldi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, “KINGSMAN UZBEKISTAN” brendi ostida faoliyat ko‘rsatuvchi “Boutique” MCHJ “Reklama to‘g‘risidagi” qonunning 16-moddasini, ya’ni reklamada tovar davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan ma’qullanganligini ko‘rsatish bo‘yicha taqiq talablarini buzgan deb topildi.

Qo‘mita tomonidan korxonaga BHMning 70 baravari (23,8 mln so‘m) miqdorida jarima solishga qaror qilindi, shuningdek, qonun buzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi. Butik belgilangan muddatda jarimani to‘lashi yoki qaror ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin.

Maxsus komissiya tomonidan ishni ko‘rib chiqish jarayonida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning reklamada ishtirokini reklama beruvchi, reklama tayyorlovchi yoki reklama tarqatuvchi sifatida ishtirok etganining alomatlari aniqlanmadi.

Vazir tomonidan reklamani o‘z shaxsiy ijtimoiy tarmoqlari va boshqa rasmiy tarmoqlar orqali tarqatmagani Reklama to‘g‘risidagi” qonuniga asosan reklamaning aylanishi sohasidagi ishtirokchisi sifatida baholanmaydi, deyiladi xabarda.