Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida QR-kodli chek so‘ragani uchun do‘kon sotuvchisi tarsaki tushirgan bola bilan uchrashdi.

Qo‘mita rahbari 12 yoshli Shahbozni talabchanligini alohida qayd etdi va uning harakatini “oldingizda butun soliq markaziy apparati tikka tursa arziydi” deya baholadi.

Foto: Soliq qo‘mitasi.Foto: Soliq qo‘mitasi.

Sherzod Kudbiyev bolaning ota-onasiga minnatdorchilik bildirib, do‘konda chek so‘raganida hammasini to‘g‘ri qilganini ta’kidladi.

“Chek talab qilish mayda-chuyda narsa emas. Chek so‘raganinning orqasida Sirdaryoda bog‘cha, maktab, yo‘l, oylik, budjet bor. Buning ortida katta narsalar turibdi. Shuning uchun sendan minnatdorman, minnatdorchilik izhor etaman… Shahboz, senga katta rahmat”, — dedi Soliq qo‘mitasi rahbari va bolaning qo‘lini siqdi.

Bolalar ombudsmani matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, do‘kon sotuvchisi Z.A.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan ish qo‘zg‘atilgan va ish hujjatlari jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudiga yuborilgan.