Sirdaryo viloyati Guliston shahrida do‘kon sotuvchisi 12 yoshli bolaga QR-kodli chek so‘ragani uchun tarsaki tushirgandi. Bolalar ombudsmani erkakka nisbatan sud hukmi o‘qilganini ma’lum qildi.

Holat bo‘yicha do‘kon sotuvchisi Z.A.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan ish qo‘zg‘atilgan.

22-iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudi hukmi bilan unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Avvalroq Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev 12 yoshli Shahboz bilan uchrashib, uning talabchanligini alohida qayd etgandi va harakatini “oldingizda butun soliq markaziy apparati tikka tursa arziydi” deya baholagandi.