Toshkent tumanida ko‘p miqdordagi sintetik giyohvand moddalarni sotish maqsadida saqlayotgan shaxs qo‘lga olindi, deb xabar berdi viloyat IIBB matbuot xizmati.

15-iyul kuni IIB va DXX hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda A.T. ismli shaxs (2002-yilda tug‘ilgan) o‘zining Tracker avtomashinasida vazni 1 kg 433 gr bo‘lgan mefedron sintetik giyohvandlik vositasini sotish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlangan. Taxminiy narxi 1 milliard so‘m bo‘lgan moddalar daliliy ashyo sifatida olingan.

Aniqlanishicha, 22 yoshli shaxs mazkur sintetik vositani bo‘laklarga bo‘lib, kontaktsiz manzil orqali sotishni rejalashtirgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.