O‘tgan yilning dekabrida Toshkent viloyati Zangiota tumanida 13 yoshli qizga nisbatan o‘gay onasi tomonidan muntazam ravishda jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik qilingani haqida xabar berilgandi. Ayolga nisbatan sud hukmi o‘qildi, deya ma’lum qilmoqda bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova matbuot xizmati.

Holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergovda aniqlanishicha, Sh. S. qizni 2023-yil davomida muttasil ravishda do‘pposlab, unga nisbatan jismoniy hamda ruhiy jihatdan azob bergan.

“Unda kuchli qo‘rquv hosil qilish yo‘li orqali o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, tanasining turli qismlariga tan jarohatlari yetkazib kelgan”, — deyiladi xabarda.

Bolalar ombudsmani vakili bola manfaatlari nuqtai nazaridan mazkur ishning sud protsessida ko‘rilishida ishtirok etgan.

5-iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudi hukmi bilan Sh. S. Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi “a, v” bandlari va 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 3-qismi bilan aybdor deb topildi.

Ayolga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi. Mazkur jazo bilan bog‘liq tegishli cheklovlar o‘rnatildi.