Saudiyaning ACWA Power kompaniyasi O‘zbekistonning Buxoro viloyatidagi ikkita energetika loyihasining 35 foiz ulushini sotdi, deb xabar qildi kompaniya matbuot xizmati.

Kelishuvni imzolash marosimi 17-iyul kuni O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ishtirokida bo‘lib o‘tdi. China Southern Power Grid International kompaniyasi qurilayotgan Bosh va Jongeldi shamol elektr stansiyalari ulushining xaridoriga aylandi.

Bitim ACWA Power va China Southern Power Grid International o‘rtasida Markaziy Osiyodagi qayta tiklanadigan energiya manbalaridan birinchi qo‘shma loyiha bo‘ladi.

Umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasini qurish qiymati 1,3 mlrd dollar. Kelishuv shartlari oshkor etilmagan.

2022-yil dekabr oyida Saudiya kompaniyasi xitoylik hamkorlar bilan ACWA Power kompaniyasining Saudiya Arabistoni va “Bir kamar va yo‘l” tashabbusi mamlakatlarida qayta tiklanadigan energiya loyihalarini moliyalashtirish, investitsiya qilish va qurish bo‘yicha kelishuvlarni imzolagandi.

ACWA Power bir qator xalqaro tashkilotlardan Bosh va Jongeldi shamol elektr stansiyalarini amalga oshirish uchun mablag‘ to‘pladi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va uning hamkorlari shamol elektr stansiyalarini qurishga 520 million dollar va elektr tarmoqlari uchun 47 million dollar ajratdi. Osiyo taraqqiyot banki kompaniyaga yana 174 million dollar ajratdi.

Eslatib o‘tamiz, China Southern Power Grid International kompaniyasi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 600 MVt quvvatga ega gidroakkumulyatsiyalovchi elektr stansiyasini qurishni rejalashtirmoqda.