Mudofaa vazirligi “Arslon” zirhli transportyorining yangi modellari va modernizatsiya qilingan “Tarlon” yengil zirhli mashinasini sinovdan o‘tkazmoqda. Vazirlik matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, mazkur modellar tez orada mamlakat qo‘shinlariga yetkazib beriladi.

арслон, мuдофаа саноати агентлиги, taрлон-м, қuролли кuчлар

Zirhli “Arslon” harbiy mashinasi takomillashtirilgan taktik va texnik xususiyatlarga ega yangi versiyadagi transport vositasidir. Mashinaning old qismi NATO standartlarining 6-sinfiga, yon va orqa qismlari esa 4-sinfiga muvofiq. U trotil ekvivalentida 10 kg mina himoyasiga ega. Ta’kidlanishicha, mahalliylashtirishning asosiy afzalliklari eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanganlik va avtomatlashtirilgan jangovar moduldir.

Ishlab chiqaruvchi Krantas Group korxonasi rahbari Akmal Karimovning “O‘zbekiston24” telekanaliga bergan intervyusida transportyor asosan NATO davlatlarining standartlarida ko‘zda tutilgan ko‘rsatkichlarga qarab yaratilgani haqida gapirdi. “Uni yaratayotganda bizning konstruktorlarimiz 3 ta eng muhim bo‘lgan zirhli avtomobillarni xususiyatlarini inobatga olgan: 1 himoya darajasi, 2 o‘t otish kuchi va 3 mobillik”, — dedi u.

8 g‘ildirakli zirhli transportyor takomillashtirilgan tuzilishga ega. U har qanday iqlimga moslashtirilgan bo‘lib, xodimlarni tashish, yuqori xavfli hududlarda maxsus vazifalarni bajarish, dushman shaxsiy tarkibi va zirhli mashinalarini yo‘q qilish, uzoq va yaqin masofalardagi nishonlarga yuqori aniqlikda o‘t ochishga mo‘ljallangan.

арслон, мuдофаа саноати агентлиги, taрлон-м, қuролли кuчлар

Mobil, ishonchli, yuqori darajadagi himoya va o‘t otish kuchiga ega yengil zirhli “Tarlon-M” avtomobili mahalliy ishlab chiqaruvchilarning to‘rtinchi versiyasi bo‘lib, maxsus tarkibdagilarni tashish va xavfli hududlarda maxsus vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan. U mobil guruhlarni, nazorat-o‘tkazish punktlarini va jangovar patrullarni yong‘inga qarshi qo‘llab-quvvatlash, qo‘shinlar va avtotransport mashinalarini jangovar himoya qilish uchun ishlatiladi, ekipaj va qo‘shinlarni o‘qotar qurollaridan himoya qiladi.

Avtomobil korpusi polimer zirhga asoslangan kompozit materiallardan tayyorlangan. Transport vositasi yopiq raqamli aloqa vositalari va sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimi bilan jihozlangan. Shuningdek, jangovar mashinaga mahalliy muhandislar tomonidan ishlab chiqilgan zamonaviy jangovar modul ham o‘rnatilgan.

Hozirda zavod sinovlari yakunlanib, harbiy sinovlar boshlangan.