Toshkent shahri hokimligi va “Toshkent invest” kompaniyasi Mirobod tumanidagi Kulolchilik bog‘i konsepsiyasini ishlab chiqish maqsadida shahar aholisi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazmoqda.

So‘rovnomada mazkur havola orqali qatnashishingiz mumkin.

So‘rovnomaning muqaddimasida ta’kidlanganidek, bog‘ konsepsiyasi qulay makon yaratish maqsadida ishlab chiqilmoqda. “Biz uning hududida siz — aholi nimani ko‘rishni xohlashingizni bilmoqchimiz”, deyiladi unda.

Kulolchilik bog‘i (Xalqaro kulolchilik bog‘i) Alisher Navoiy nomidagi akademik katta teatri orqasidagi kichik maydon bo‘lib, Buxoro va Islom Karimov, Zarafshon va Nuroniylar ko‘chalari oralig‘ida joylashgan (xaritaga qarang).

Sayyohlik saytlarida bunday bog‘ yaratish taklifi 1988-yilda Toshkentda o‘tkazilgan kulollar simpoziumida ilgari surilgani qayd etilgan. Bog‘da turli mamlakatlardan kelgan haykaltaroshlarning asarlari namoyish etilgan.

So‘rovnomada poytaxt aholisiga quyidagi savollarga javob berish so‘raladi:

  • Bog‘ning holati va to‘ldirilishida nimalar sizni qoniqtirmaydi?
  • Sizningcha, u imkoniyati cheklangan insonlar va bolalilar uchun mosmi?
  • Imkoniyati cheklangan insonlar va bolali tashrif buyuruvchilar uchun bog‘da nimalar yetishmaydi?
  • Bog‘da qanday obyekt va funksiyalarni ko‘rishni xohlaysiz?

Eslatib o‘tamiz, “Toshkent invest” davlat kompaniyasi 2023-yilda Toshkent shahar va tumanlar hokimliklari, shuningdek, ulardagi korxona va muassasalar mulki holatini tahlil qilish, mavjud resurslar va imkoniyatlarni aniqlash, munitsipal aktivlarni boshqarish kabilarni muvofiqlashtirish maqsadida tashkil etilgandi. Ta’kidlanganidek, mazkur korxona Toshkent shahar hokimligi va biznes o‘rtasida “ko‘prik” bo‘lishi rejalashtirilgan.