Toshkent viloyatida yana bir qiz viloyatliklarni haqorat qilgani uchun ma’muriy jazoga tortilib, 10 sutka qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy Sud matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga xabar berdi.

Unga ko‘ra, Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yashovchi 19 yoshli qiz 20-iyul kuni Instagram sahifasida obunachilari bilan jonli muloqot qilayotgan vaqtida viloyatliklarni haqorat qilgan. Tasvirlarda u o‘ziga yozilgan izohlarga javoban behayo, uyatsiz so‘zlar bilan viloyatlarda yashovchilarning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitgan. Qizning ushbu harakatlari ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilarining jiddiy noroziligiga sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish uchun Chirchiq shahar IIB XPG profilaktika inspektori uning yashash joyiga kelganda qiz ko‘chada baqir-chaqir qilib, jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzgan holda mayda bezorilik sodir etgan, deyiladi rasmiy izohda.

U sudda viloyatliklarga nisbatan haqoratli so‘zlarni salbiy fikr bildirgan kuzatuvchilariga javob tariqasida aytib yuborganini, bu qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini ta’kidlagan. Qiz barchadan uzr so‘radi va suddan o‘ziga nisbatan yengillik berishni iltimos qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudining qarori bilan qizga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Tarmoqlarda kuzatuvchilarga javob tariqasida viloyatliklarni “jirkanch maxluqot” deya haqoratlagan qiz 6,8 mln so‘m jarimaga tortilgandi. Undan avval 21 yoshli yana bir “jahl ustida” viloyatliklarni haqorat qilgan qiz 15 sutkaga qamalgandi.