Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 23-iyul kuni bo‘lib o‘tgan majlisida “Ta’lim faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi (video), deb xabar qildi parlament quyi palatasi matbuot xizmati.

Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari guruhi tomonidan ishlab chiqilgan. O‘zA xabariga ko‘ra, “Milliy tiklanish” partiyasi tomonidan ishlab chiqilgan tashabbus ma’ruza o‘qib, oson pul topish yo‘llarini o‘rgatishga va’da bergan shaxslarga qarshi kurashishga qaratilgan. Ularni internetda “infoqallob” deb ham atashadi.

O‘zLiDeP deputati Shahnoza Xolmahamatova so‘nggi yillarda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida “nosog‘lom ma’rifiy ishlar” ko‘payganini ma’lum qildi.

“Bunday tadbirlarda aholi, ayniqsa, yoshlar ongi va madaniyatiga turli yot qarashlar, g‘oyalar, hissiyotlar singdirilmoqda. Ta’kidlash kerakki, tadbir tashkilotchilari tomonidan go‘yoki ma’rifiy deb hisoblanadigan ko‘p sonli yig‘inlar, uchrashuvlar, o‘quv va suhbatlar maxsus bilim va tajribaga ega bo‘lmagan, asosiy maqsadi yolg‘on yo‘li bilan pul ishlash bo‘lgan soxta trenerlar va lektorlar tomonidan amalga oshirib kelinmoqda” — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tadbirlarda ko‘pxotinlilik, jinsiy kamsitish, feminizm, axloqiy buzuqlik, huquqbuzarliklar targ‘ib qilinib, tinglovchilar ongini manipulyatsiya qilish holatlari ko‘paymoqda.

Deputat hozirda bunday faoliyatning to‘xtatish, taqiqlash yoki tartibga solishning iloji yo‘qligini ta’kidladi, chunki amaldagi qonunchilikda ma’ruza, taqdimot, seminar, mahorat darsi, kurs, leksiya, marafon va davra suhbati tarzida o‘tkaziladigan faoliyat turlari aks ettirilmagan.

Shahnoza Xolmahamatova aholining bunday tadbirlarga qiziqishi ortib borayotgani va ushbu sohada mehnat qilayotgan kishilarning asosiy daromad manbaiga aylanishini inobatga olgan holda ushbu sohani huquqiy tartibga solish zarur, deb hisoblaydi.

Shu munosabat bilan qonun hujjatlariga, jumladan, odamlarning ongi va madaniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan noqonuniy ma’rifiy faoliyat uchun javobgarlikka tortishning huquqiy asoslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilgan. Bunda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini buzganlik uchun 59−4-moddani kiritish rejalashtirilmoqda.

Xususan, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ma’rifiy faoliyat olib borish yoki ma’rifiy faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha qonunlarda belgilangan cheklovlarga rioya qilmaslik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Deputatlar birinchi qoidabuzarlik uchun qanday jarima nazarda tutilganini e’lon qilishmadi, biroq takror sodir etilgan huquqbuzarlik uchun jismoniy shaxslar BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3,4 million so‘mdan 5,1 million so‘mgacha), mansabdor shaxslar esa BHMning 15 baravaridan 20 baravargacha (5,1 mln so‘mdan 6,8 mln so‘mgacha) jarimaga tortiladi.

Deputat, shuningdek, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda ma’rifiy faoliyati tushunchasi, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni amalga oshirishga qo‘yiladigan talablarni kiritish taklif etilganini aytdi.

Xususan, ma’rifiy faoliyat insonni shaxsiy, intellektual va ma’naviy rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, intellektual va ijodiy salohiyatni namoyon etish, individual salohiyat va imkoniyatlari, muloqot qobiliyatlarini yaxshilash uchun zarur ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga qaratilgan hamda davlat ta’lim standartlari bilan qamrab olinmaydigan faoliyat turi hisoblanishi belgilanmoqda.

Ma’rifiy faoliyatni respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan talablarni hisobga olgan holda amalga oshirilishi mumkinligi belgilab qo‘yilmoqda.

Qonun loyihasida ma’rifiy faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlangan shaxslar ro‘yxati ham belgilab berilgan.

Ma’rifiy faoliyatini o‘tkazish tartibi, uning shakllari, talablari va shartlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

infoqallobлар, ma’rifiy faoliyat, qonunchilik palatasi

Qonun loyihasini 106 deputat ma’qulladi, 1 nafar deputat (“Milliy tiklanish” partiyasidan) qarshi chiqdi, 11 nafari ovoz bermadi.

Hujjat darhol ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi, ayrim moddalar bo‘yicha faqat ikki nafar deputat qarshi ovoz berdi, ko‘pchilik yoqladi.

infoqallobлар, ma’rifiy faoliyat, qonunchilik palatasi

Shundan so‘ng deputatlar uchinchi o‘qishda qonunni qabul qilib, hujjatni Oliy Majlis Senatiga yubordi.