O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Nodir Ganiyev Fransiya poytaxtiga yetib keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Yangi elchi shu kunga qadar dastlab O‘zbekistonning Shvetsiyadagi muvaqqat ishlar vakili, 2023-yil oktabr oyidan e’tiboran esa — birinchi favqulodda va muxtor elchisi lavozimida ishlagan. Stokgolmdagi elchixona 2022-yilda ochilgan.

Nodir Ganiyev 52 yoshda. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetini bitirgan.

1994-yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritib kelmoqda. U markaziy apparatda va mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida turli lavozimlarda ishlagan.

Shvetsiyaga tayinlanishidan oldin TIVning Yevropa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik boshqarmasiga rahbarlik qilgan.

O‘zbekistonning Parijdagi avvalgi elchisi Sardor Rustambayev yanvar oyida Hindistonga elchi etib tayinlangan edi.