Germaniyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Manfred Huterer tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. Bu haqda vazir o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
“Biz tobora kengayib borayotgan ikki tomonlama hamkorligi kun tartibi, hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklikni mustahkamlash, ko‘proq iqtisodiy ko‘priklarni barpo etish va boshqa masalalarga to‘xtaldik”, — dedi vazir.
TIV elchi va Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi jamoasining “aloqalardagi ulkan salohiyatni ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Diplomat bungacha Germaniyaning Belarusdagi elchisi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, bundan avvalgi elchi Tilo Klinner mazkur lavozimda 2021-yilning avgustidan 2024-yilning iyunigacha faoliyat yuritgandi.