AQSh vitse-prezidenti Kamala Harrisni Demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun yetarlicha delegatlar qo‘llab-quvvatladi, deya xabar berdi Associated Press.

Agentlik so‘roviga ko‘ra, Harris uchun kamida 2668 delegat ovoz berish niyatida, uning nomzodini birinchi turda tasdiqlash uchun esa 1976 ovoz kerak.

AP ma’lumotlari 1976 nafardan ortiq demokrat delegat Harrisni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan CNN ma’lumotlariga mos keladi.

AP`ning ta’kidlashicha, bu norasmiy raqamlar va rasmiy nomzodlikni anglatmaydi. Demokratlar partiyasining 19-avgust kuni Chikagoda ochiladigan qurultoyida prezidentlikka nomzodga ovoz berishi kutilmoqda.

Amaldagi prezident Jo Bayden poygadan chiqqanidan keyin Harris prezidentlikka potensial nomzod bo‘ldi. U bu qarorni respublikachi nomzod Donald Tramp bilan halokatli debatdan keyin partiyadoshlarining saylovdan chiqishga chaqiriqlari kuchayib borayotgan bir paytda qabul qildi.

Bayden poygadan chiqib ketganidan so‘ng, Harrisning kampaniyasiga xayriyalar soni keskin oshdi, deya ta’kidlaydi CNN. Birinchi 24 soat ichida vitse-prezident 100 million dollardan ko‘proq pul yig‘di, donorlarning 62 foizi birinchi marta hissa qo‘shdi.

Xarris oldida turgan qiyinchiliklar

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, saylov kampaniyasi muvaffaqiyatli boshlanganiga qaramay, Harrisni ancha murakkab muammolar kutib turibdi. “Gazeta.uz” telekanalning asosiy tezislarini keltiradi:

  • Harrisni tanlash orqali demokratlar uncha mashhur bo‘lmagan va “almashib turuvchi shtatlar"da Baydendan yaxshiroq natijaga erisha olishini hali ko‘rsatmagan nomzodga suyanmoqda. Agar Harris yaqin kunlar yoki haftalarda sustlashsa, demokratlar 2024-yilda bu ishni bajara olmaydigan yana bir nomzodni taklif qilayotgan partiyaga aylanish xavfi bor;
  • Demokratik saylovchilarning hafsalasi pir bo‘lganiga Baydenning yoshi sabab bo‘lganmi yoki yuqori narxlar va foiz stavkalari kabi kengroq muammolarmi — yaqin kunlarda aniq bo‘ladi. Tramp so‘rovlarda odatda immigratsiyadan tortib milliy xavfsizlik, iqtisodiyotgacha bo‘lgan saylovchilar uchun eng muhim masalalar bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Agar saylovda Baydenning merosiga javobgar bo‘lib qolsa, Harris buning narxini to‘lashi mumkin;
  • Tramp jamoasi ham Harrisga qarshi ritorikasini kuchaytirmoqda. Ular uni respublikachilar Oq uy Baydenning sog‘lig‘i va ruhiy holatini yashirish sifatida tavsiflagan narsaga sherik qilib ko‘rsatishga harakat qilmoqda;
  • Harris uchun yana bir potensial to‘siq bor — bu hali e’tibor markazida emas, lekin saylov jarayoniga ta’sir qilishi mumkin, deb yozadi CNN. 16 yil oldin ko‘plab amerikaliklar mamlakat hech qachon qora tanli odamni Oq uy boshqaruviga qo‘ymaydi, deb ishonishgan. Ammo Barak Obama ularning noto‘g‘ri ekanini isbotlagandi. Qora tanli ayol va kelib chiqishi osiyolik bo‘lgan amerikalik Harris “bundan ham kattaroq tarixiy to‘siq"qa duch kelmoqda.