Boy mamlakatlarda migrantlar tobora kamroq istalmoqda, deb yozdi The Economist. Nashrning qayd etishicha, so‘nggi uch yil ichida 15 million kishi rivojlangan mamlakatlarga ko‘chib o‘tgan — bu zamonaviy tarixdagi eng katta o‘sish. O‘tgan yili AQShga 3 milliondan ortiq, Kanadaga 1,3 million va Buyuk Britaniyaga 700 mingga yaqin odam ko‘chib kelgan. Muhojirlar turli mamlakatlardan — urushdan qochgan yuz minglab ukrainaliklar, shuningdek, Hindiston va Afrikaning Sahroi Kabirdan janubiy qismidan millionlab odamlar.

Kelayotgan migrantlar sonini kamaytirish uchun bu mamlakatlar hukumatlari migratsiya siyosatini kuchaytirmoqda. Avstraliya, Buyuk Britaniya va Kanada asl niyati mamlakatda ishlash bo‘lgan shaxslarni qabul qiladigan “diplom fabrikalari"ni (o‘zini oliy ta’lim muassasasi deb aytadigan va haq evaziga yaroqsiz ta’lim diplomlari beruvchi tashkilotlar — tahr.) yopmoqda.

Kanada, shuningdek, bu yil o‘qish uchun ruxsatnomalar sonini uchdan bir qismga qisqartirmoqchi. Boshqa davlatlar muhojirlarga oilasini o‘zlari bilan olib kelishni qiyinlashtirmoqda, deya qayd etdi The Economist.

Iyun oyida AQSh prezidenti Jo Bayden Meksikadan chegarani noqonuniy kesib o‘tgan migrantlarga boshpana berishni vaqtincha taqiqlagan edi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron boshpana berish rad etilganlarni deportatsiya qilishni tezlashtirmoqchi. Germaniya ham xuddi shunday choralar ko‘rmoqda.

Bundan tashqari, “hali yana qattiqroq cheklovlar bo‘lishi mumkin”, deb yozadi The Economist. AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp saylansa, 7,5 millionga yaqin noqonuniy muhojirni deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda.

Hozirda migratsiya bumi “tugashi mumkin"ligining alomatlari bor, deyiladi materialda. Kanadaga sof migratsiya oxirgi cho‘qqisidan deyarli yarmiga kamaydi, Yangi Zelandiyada ham shunday bo‘ldi. Boy mamlakatlarda ish o‘rinlari avvalgiga qaraganda kamroq, bu potensial muhojirlar ko‘chib o‘tishiga to‘sqinlik qilmoqda, Ukrainadan qochqinlar oqimi esa sekinlashdi.

Migratsiyaga qarshi yangi choralar ham muhim rol o‘ynamoqda, deydi The Economist. So‘nggi ikki yil ichida Yevropa Ittifoqida deportatsiya to‘g‘risidagi buyruqdan keyin o‘z vatanlariga qaytarilgan uchinchi davlat fuqarolari soni 50 foizga oshdi. 2024-yilning birinchi choragida Britaniyadan “majburiy qaytishlar” soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 50 foizga ko‘paydi. Yaqinda AQSh janubiy chegarasini noqonuniy kesib o‘tishlar soni uch yil ichida eng past darajaga tushdi.

“Ba'zi migratsiyaga qarshi choralar, ayniqsa, keng ko‘lamli deportatsiyalar iqtisodiyotga katta zarar yetkazishi mumkin”, — deb ta’kidlaydi The Economist. Migratsiyani cheklash 2021 va 2022-yillarda boy mamlakatlar iqtisodiyotini qiynagan ishchi kuchi tanqisligini qaytadan yuzaga keltirishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIMni kamaytiradi, deya ogohlantiradi nashr. Uzoq muddatli istiqbolda migratsiya ishchi kuchining ixtisoslashuvini oshirishga ham imkon beradi.

The Economist`ning ta’kidlashicha, yangi kelganlar ko‘pincha yoqimsiz, kam maosh oladigan, lekin, shunga qaramay, hayotiy muhim sohalarda, jumladan, qurilish va sog‘liqni saqlash tarmoqlarida ishlaydi. 2019-yildan 2023-yilgacha AQSh qurilish sanoatida chet elliklar soni keskin oshgan. Norvegiyada sog‘liqni saqlash sohasidagi xorijiy ishchilar soni kovid pandemiyasidan keyin 20 foizga ko‘tarilgan. Irlandiyada ishlaydigan, ammo boshqa mamlakatlarda malaka oshirgan shifokorlar soni 28 foizga ko‘paygan. Xuddi shu davrda Britaniyaning Milliy sog‘liqni saqlash xizmatida ishlaydigan xitoyliklar soni ikki baravar, keniyaliklar soni esa uch barobar ortgan.

“Vaqt o‘tib, aholisi qarib qolgan boy mamlakatlarga ko‘proq yosh, tayyor ishchilar kerak bo‘ladi. Buning sababi — pensiya yoshini keskin oshirish yoki sog‘liqni saqlashni samaraliroq qilish kabi choralar haqida kam sonli siyosatchilar gapiradi. Mamlakatga yangi muhojirlarning kirib kelishini cheklash siyosatchilarni vaqtincha qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lsa-da, iqtisodiy mantiq shuni ko‘rsatadiki, bunday pozitsiya dahshatli tush bo‘ladi”, — deyiladi materialda.