Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Hujjat 2024-yilning 25-iyun kuni Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilingan edi. O‘tgan vaqt davomida qonun loyihasi quyi palataning rasmiy veb-saytida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Shuningdek, deputatlar tomonidan saylov okruglarida o‘tkazilgan uchrashuvlar jarayonida fuqarolar bilan bevosita muhokama qilinib, takliflar olindi.

Qonun loyihasi bilan aholiga psixologik yordam ko‘rsatishning asosiy prinsiplari, vazifalari, turlari, shakllari, standartlari aniq belgilanmoqda. Shuningdek, psixologik yordam ko‘rsatish sohasi ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari, bepul psixologik yordam ko‘rsatiladigan shaxslar toifalari, ta’lim tashkilotlarida psixologik yordam ko‘rsatish, ushbu sohada tadqiqot va ilmiy tajribalar o‘tkazish masalalari, psixologik yordam ko‘rsatishni rad etish yoki to‘xtatish asoslari nazarda tutilmoqda. Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi professional assotsiatsiyalar faoliyatining huquqiy asoslari yaratilmoqda.

Psixologiya yo‘nalishidan boshqa oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar xususiy tartibda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanishdan avval psixologiya mutaxassisligi uchun qayta tayyorlovdan o‘tishi kerakligi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi psixologik yordam ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan yoxud aholiga psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha qonunlarda belgilangan cheklovlarga rioya etmagan holda psixologik yordam ko‘rsatganlik uchun javobgarlikni belgilovchi alohida modda bilan to‘ldirilmoqda.

Majlisda qayd etilganidek, fuqarolar psixologni, psixologik yordam shakli, turi va shart-sharoitlarini mustaqil tanlash, o‘ziga ko‘rsatilgan psixologik yordam shakli, turi va boshqa ma’lumotlar to‘g‘risida hujjatdan ko‘chirma olish va psixogolik yordam ko‘rsatilishi natijasida ma’lum bo‘ladigan shaxsiy ma’lumotlarining sir saqlanishi va boshqa bir qator huquqlari qonun bilan mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.