Prezident 18-iyul kuni aholini raqamli texnologiyalar asosida davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlovi bilan ta’minlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi, deb xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati.
Hujjat ijtimoiy to‘lovlar va subsidiyalar, ijtimoiy xizmatlar va yordamlarni tayinlash, taqdim etish, monitoring qilish va baholash jarayonlarini, shuningdek, aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning boshqa barcha chora-tadbirlarini bosqichma-bosqich to‘liq avtomatlashtirishni nazarda tutadi.
Ijtimoiy yordamga muhtoj toifadagi fuqarolarning ijtimoiy xizmatlardan, yordam va to‘lovlardan, shuningdek, davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning boshqa choralaridan foydalanish uchun hujjatlarni yig‘ish zarurati bekor qilinadi.
Yangi tartib fuqarolarga davlatdan “manzilli, qisqa muddatlarda, masofadan turib hamda proaktiv tarzda” ijtimoiy yordam olish imkonini beradi, deyiladi hujjatda.
Tizim, shuningdek, ijtimoiy sug‘urtani amalga oshirish doirasida raqamli servislarni rivojlantirish orqali davlat va tadbirkorlik subyektlarining o‘zaro hamkorligini soddalashtiradi.
Qarorga muvofiq, davlat tomonidan bir qator ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari “Ijtimoiy karta” axborot tizimi orqali unikal raqamga ega ijtimoiy karta orqali amalga oshiriladi:
2024-yil 1-dekabrdan boshlab — yangidan tayinlanadigan ijtimoiy to‘lovlar, xizmatlar va imtiyozlar;
2025-yil 1-apreldan boshlab bosqichma-bosqich:
- shaxsning nogironligini, talaba, o‘quvchi, urush qatnashchisi yoki urush qatnashchisiga tenglashtirilgan shaxs holatini tasdiqlash. ️Bunda nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va guvohnomalar, talabalik guvohnomalari, o‘quvchilar guvohnomalari, urush qatnashchilari yoki ularga tenglashtirilgan shaxslar guvohnomalarining qog‘oz shakli ijtimoiy kartaga almashtirish orqali bekor qilinadi;
- ️nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun umumiy foydalanishdagi avtomobil, temir yo‘l, havo va daryo transporti, yo‘nalishsiz taksi xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha imtiyozlar, shuningdek ushbu xizmatdan imtiyozli foydalanish huquqiga ega bo‘lgan aholining boshqa toifalari uchun imtiyozlar;
- kirish bilet operatsiyalari tizimi asosida tartibga solinadigan davlat ijtimoiy obyektlariga, konsert-tomosha tadbirlari va boshqa tadbirlarga bepul tashrif buyurish yoki qisman haq to‘lash bo‘yicha imtiyozlar;
2025-yil 1-iyuldan boshlab — “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilganlarga belgilangan tovarlar (xizmatlar)ni xarid qilishda to‘langan QQS summasini 1 ish kunida qaytarish. Bu QR-kodli chekni skaner qilmasdan amalga oshiriladi;
2025-yil 1-oktabrdan boshlab — hukumat tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq fuqarolarga budjet mablag‘lari hisobidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordam, subsidiyalar, grantlar, imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar hamda moddiy xususiyatga ega boshqa to‘lovlar taqdim etish;
2026-yil 1-yanvardan boshlab — qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlardan foydalanish.
2025-yil 1-oktabrdan boshlab pensiya oluvchilarga o‘z xohishiga ko‘ra yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganligi bo‘yicha pensiyalarni ijtimoiy karta orqali olish huquqi beriladi.
Ijtimoiy karta prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga kelasi yozdan boshlab beriladi.
Hukumatga “Ijtimoiy karta” tizimini ishlab chiqish va ishga tushirish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish uchun xususiy investorni, shuningdek, davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari ular orqali ijtimoiy kartalarga hisob-kitob qilinadigan moliyaviy agentlarni va loyihaning boshqa ishtirokchilarini aniqlash topshirildi.
Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga keyingi yilning may oyiga qadar “Ijtimoiy karta” axborot tizimini joriy etish loyihasini amalga oshirish doirasida xususiy investorlarni, shu jumladan, institutsional investorlarni jalb qilgan holda tijorat bankini tashkil etish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirildi.
Ijtimoiy kartani joriy etishning tajriba bosqichi yakunlariga ko‘ra, kelgusi yilning may oyigacha ijtimoiy yordamga muhtoj barcha toifadagi shaxslarni, jumladan, pensiya oluvchilarni ham ushbu kartalar bilan qamrab olishning maqsadga muvofiqligini ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.