1-dekabrgacha O‘zbekistondagi barcha avia, temiryo‘l va avtobus qatnovlari haqida ma’lumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platforma ishga tushiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonida qayd etilgan.

Farmonga muvofiq, 2024-yil 1-dekabrgacha xorijiy mamlakatlar kesimida xalqaro turizm ko‘rgazmalarida namoyish qilish uchun madaniy, gastronomik va hunarmandchilik kontenti ishlab chiqiladi.

Transport vazirligi avia, temiryo‘l va avtobus chiptalarini tabaqalashtirilgan narxlarda kamida 6 oy oldin savdoga chiqarish tizimini joriy qiladi. Navro‘z umumxalq bayrami, Mustaqillik kuni, Yangi yil bayrami va Ramazon hayiti (Iyd al-Fitr) hamda Qurbon hayiti (Iyd al-Adha) diniy bayramlarini nishonlash davrida respublika hududlarini bog‘lovchi qo‘shimcha avia, temiryo‘l va avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yadi.

Shuningdek, vazirlik amalga oshirilayotgan tadbirlar, jumladan, ochilayotgan yangi reyslar, reyslardagi yuklamalar, shakllantirilayotgan yangi avia va temiryo‘l marshrutlari to‘g‘risida ma’lumotlarni muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib boradi.