Samarqand shahrida qurilish kompaniyasi bog‘chani kengaytirish vaqtida 31 tup daraxtni kesib tashlagani ma’lum bo‘ldi, deb xabar beradi viloyat Ekologiya boshqarmasi.

Bog‘imaydon mahallasida joylashgan maktabgacha ta’lim tashkiloti hududida qo‘shimcha 150 o‘rinli bino qurish va hududda qayta qurilish ishlarini olib borayotgan “Samarqand maxsus suv drenaj” MCHJ tomonidan ta’lim tashkiloti hududida mavjud jami 31 tup daraxt kesilgan. Ularning 30 tupi diametri 6,6 sm dan 24,5 sm gacha bo‘lgan qimmatbaho Eldor qarag‘ayi, 1 tupi esa diametri 27 sm bo‘lgan kam qimmatli terak daraxti bo‘lgan. Quruvchilar daraxtlarni binoning yer osti qismini qazish vaqtida yo‘q qilgan.

O‘rganishlar jarayonida ushbu holatda tabiatga 260 million 620 ming so‘m zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holatda o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdorida jinoyat alomatlari borligi sababli aybdor shaxslarga nisbatan qonun talablariga muvofiq tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.