23-iyul kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinadigan masalalar ko‘rib chiqildi, deyiladi yuqori palata matbuot xizmati xabarida.

Xususan, “Seysmik xavfsizlikni ta’minlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonun muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, mamlakatda shaharsozlik sohasini takomillashtirish va shaharsozlik faoliyati obyektlarining seysmik xavfsizligini ta’minlashda tizimli chora-tadbirlar qabul qilinganiga qaramasdan, shaharsozlikka oid qonunchilik talablari buzib kelinmoqda.

Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi (Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bo‘yicha 2021-yilda 3,1 ming, 2022-yilda 6,1 ming va 2023-yilda 7,6 ming nafar huquqbuzarga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llangan.

Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslari hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi qonunga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Misol uchun, JKning 2293-moddasiga qurilishi tugallangan binolar va inshootlardan foydalanishga hamda ularni foydalanishga qabul qilib olish qoidalarini buzganlik, obyektlarni qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatnomasisiz qurish, ko‘p kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni qonunchilikni hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni buzgan holda o‘zgartirish va (yoki) rekonstruksiya qilganlik hamda boshqa yana bir qator harakatlar uchun jinoiy javobgarlik yuzaga kelishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishi odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, bu uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Bunda qonun normalarini buzib, ko‘p kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni o‘zgartirish va (yoki) rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq jinoyatni birinchi marta sodir etgan hamda amalga oshirilgan o‘zgartirish yoki buzilishlarni, shuningdek, ularning oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan shaxs javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.

Loyihalash, qurilish-montaj ishlari bajarilayotganda talablarni buzish, shuningdek, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hamda yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyalarining ko‘rsatmalarini bajarishdan qasddan bo‘yin tovlash yoki o‘z vaqtida bajarmaganlik uchun jarima jazosi belgilanmoqda.

Shuningdek, shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun amalda belgilangan jarima jazolari kuchaytirilmoqda.

Senatorlar qonunning ma’qullanishi qurilishlar sifatini oshirishga, binolar va inshootlar qonunga xilof ravishda qurilishining oldini olishga hamda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Senatning 54-yalpi majlisi 10-iyul kuni chaqiriladi. Senatorlar Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirishlar kiritishdan tashqari, Turkmaniston va Turkiya bilan tuzilgan bitimlarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni ham ko‘rib chiqadi. Shuningdek, ekologiya sohasiga oid parlament so‘rovi natijalari tinglanadi.