Yevropa iqlim o‘zgarishi xizmati Copernicus’ning 1940-yildan beri hisoblab kelinadigan ma’lumotlariga ko‘ra, 21-iyul, yakshanba rekord darajadagi eng issiq kun bo‘ldi.

Copernicus`ning dastlabki ma’lumotlariga qaraganda, 2024-yilning 21-iyulida o‘rtacha kunlik global harorat Selsiy bo‘yicha 17,09 darajaga yetgan. Avvalgi Selsiy bo‘yicha rekord daraja 2023-yilning 6-iyulida 17,08 deya qayd etilgandi.

issiqlik, iqlim o‘zgarishi

Infografika: Copernicus. 2024 (qizil), 2023 (to‘q sariq) va 1940-yildan 2022-yilgacha (kulrang) bo‘lgan yillarning o‘rtacha kunlik global havo harorati.

Shu bilan birga, Reuters agentligining Copernicus dastlabki ma’lumotlariga tayanib yozishicha, 21-iyuldagi rekord 22-iyul, dushanba kuni yangilandi. O‘sha kuni o‘rtacha sirtdagi global havo harorati 17,15 darajani tashkil etdi — yakshanba kungi rekorddan 0,06 daraja yuqori.

Copernicus qaydlariga ko‘ra, 2023 va 2024-yillarda kuzatilgan yillik maksimal harorat avvalgi yillarga nisbatan sezilarli darajada yuqori bo‘ldi. Umuman olganda, 2015 va 2024-yillar oralig‘i eng yuqori o‘rtacha kunlik haroratga ega bo‘lgan o‘nyillik bo‘ldi, bu global isishning yana bir belgisidir, deydi iqlimshunoslar.

Copernicus direktori Karlo Buontemponing aytishicha, oxirgi 13 oylik harorat va avvalgi darajalarning rekordlari o‘rtasidagi farq “haqiqatan ham hayratlanarli”. “Biz o‘rganilmagan hududdamiz va iqlim isishda davom etar ekan, kelgusi oylar va yillarda yangi rekordlarni ham ko‘rishimiz mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Reuters agentligining yozishicha, shu kunlarda Yaponiya, Indoneziya va Xitoy shaharlarida rekord darajadagi issiq harorat qayd etilgan. Ko‘rfaz mamlakatlarida issiqlik darajasi (namlikni hisobga olgan holda) Selsiy bo‘yicha 60 darajadan oshdi. Yevropaning ayrim hududlarida esa havo harorati Selsiy bo‘yicha 45 darajadan ortiqni tashkil etmoqda.