Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida 2 nafar shaxs o‘zga bir fuqaroning uyi oldidagi daraxtni yashirin ravishda kesib ketgani aks etgan video tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB “Gazeta.uz”ga ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, 2024-yilning 14-iyul kuni taxminan soat 00:55 atrofida Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘chalarning birida, 1950-yilda tug‘ilgan fuqaro Z.A.ning yashash xonadoni oldiga 2 nafar yuzlariga niqob taqqan noma’lum shaxslar Lacetti avtomashinasida kelib, uyini oldidagi daraxtni kesib ketishgan.

Ko‘rilgan tezkor tadbirlar natijasida ushbu huquqbuzarlikni 1989-yilda tug‘ilgan O.U. va 1990-yilda tug‘ilgan N.G‘. sodir etgani aniqlangan.

Holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.