2024-yil iyul oyining 23 kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida Notcoin savdosi bilan shug‘ullangan fuqaroga hukm o‘qildi."Gazeta.uz" sud hukmini o‘rgandi.

Ish hujjatiga ko‘ra, 2024-yil 28-iyun kuni Toshkent shahar IIBB kotibiyati tomonidan ro‘yxatga olingan fuqaro A.A.ning arizasi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilgan. Unda G‘.Yo.ga tegishli telefon va plastik kartadan kripto-aktivlarning noqonuniy faoliyati bilan shug‘ullangani aniqlangan.

Sud majlisida ayblanuvchi G‘.Yo. yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan holat bo‘yicha aybini tan olib, kripto-aktivni Telegram messenjerida yig‘ganini, 20 000 dona Notcoin kripto-aktivini 150 AQSh dollari evaziga sotganini, buning noqonuniy ekanini bilmaganini, boshqa bunday holat takrorlanmasligini ma’lum qilib, yengillik berishni so‘ragan.

Sud G‘.Yo.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155−4-moddasining 1-qismida nazarda (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topib, unga nisbatan 10 (o‘n) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

Ayblanuvchi hisobidan qamoqni har bir kuni uchun qabul qilish muassasasi foydasiga bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi, ya’ni 510 ming so‘m undirish belgilandi.

Ashyoviy dalil sifatida olingan bir dona RedMi Note 9 smartfoni tegishli tartibda yo‘q qilindi.