Parijda Olimpiya o‘yinlari doirasida futbol bahslari boshlandi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor ishtirok etib, dastlabki o‘yinda Ispaniyaga futbolchilariga qarshi to‘p surdi. Olimpiya o‘yinlari doirasida bahslar futbol olamida eng katta musobaqa bo‘lmasa-da, unda ishtirok etuvchi yorqin futbolchilar yetarlicha. Ular orasida futbol muhlislari allaqachon yaxshi tanib ulgurganlari, yutmagan sovrini deyarli qolmaganlari ham bor.

“Gazeta.uz” musobaqa starti arafasida unda o‘ynaydigan eng mashhur 11 ta futbolchidan iborat ramziy tarkibni tuzishga harakat qilib ko‘rdi. Albatta, bu tarkibdagi futbolchilar subyektiv fikrlar asosida shakllantirilgan bo‘lib, Parijdagi musobaqada ulardan mashhurroq futbolchilar yo‘q, degan fikrdan yiroqmiz. Quyida biz tuzgan tarkib bilan tanishing va o‘zingiz eng mashhur futbolchilar deb hisoblagan Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilaridan tuzilgan tarkibni izohlarda yozib qoldiring.

Darvozabon

Bizning versiyamizga ko‘ra, bu musobaqada darvozani qo‘riqlovchi eng mashhur kiper Ispaniya terma jamoasi darvozaboni Arnau Tenas hisoblanadi. U o‘z jamoasi bilan guruhda O‘zbekiston terma jamoasiga raqiblik qiladi. “PSJ” klubining ikkinchi darvozaboni 23 yoshda bo‘lib, “Barselona” klubi tarbiyalanuvchisi sanaladi. 2020−2023-yillarda u aynan shu klub sharafini himoya qilgan va 2023-yil yozida parijliklar safiga kelib qo‘shilgan. Ispaniya tarkibida 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Yevropa chempioni sanaladi. Klubdagi faoliyati davomida Fransiya chempioni, Ispaniya chempioni va Ispaniya kubogi hamda superkubogi g‘olibi bo‘lib ulgurgan.

Foto: “PSJ”Foto: “PSJ”

Himoyachilar

Himoyachilar orasida bizning to‘rtlikdan Ashraf Hakimi, Pau Kubarsi, Nikolas Otamendi, Erik Garsiya o‘rin egalladi. Marokashlik Ashraf Hakimi ham ayni vaqtda “PSJ” tarkibida to‘p suradi. Faoliyatini “Real”da boshlagan futbolchi keyinchalik Dortmundning “Borussiya”si va Milanning “Inter”i sharafini himoya qilgan. Ashrafning sovrinlar xonasi ham bir qancha yutuqlarga to‘la. U Afrikaning ikki karra eng yaxshi yosh futbolchisi deya e’tirof etilgan. Uch karra Fransiya va bir marta Italiya chempioni bo‘lgan. “Real” safida Chempionlar ligasi g‘olibi, UEFA superkubogi, Ispaniya superkubogi va klublar o‘rtasida jahon chempionati g‘olibi, qo‘shimchasiga “Borussiya” bilan Germaniya superkubogida g‘alaba qozongan.

Foto: “PSJ”Foto: “PSJ”

Himoya chizig‘idagi yana bir futbolchi bu boshqa bir ispaniyalik — Pau Kubarsi. 17 yoshli iqtidor “Barselona” sharafini himoya qiladi. Klubi safidagi debyut uchrashuvini shu yilning yanvar oyida o‘tkazgan futbolchi shundan beri 24 ta uchrashuvda maydonga tushishga ulgurdi.

Foto: “Barselona”Foto: “Barselona”

Keyingi himoyachi — Argentina terma jamoasi futbolchisi Nikolas Otamendi. 36 yoshli futbolchi “Benfika” sardori sanaladi. Bungacha Argentinaning “Veles Sarsfild” klubi bilan mamlakat chempioni, “Portu” bilan Portugaliyaning 3 karra chempioni va superkubogi g‘olibi, Yevropa ligasi va Portugaliya kubogi sohibi, “Manchester Siti” bilan 2 karra Angliya chempioni va superkubogi g‘olibi bo‘lgan. “Benfika” safida esa Portugaliya chempioni va mamlakat superkubogi g‘olibi bo‘lib ulgurgan. Orada Ispaniyaning “Valensiya”si safida ham to‘p surgan futbolchining mamlakat terma jamoasi safidagi yutuqlariga uncha-muncha futbolchi havas qilsa arziydi: Jahon chempionati va 2 karra Amerika kubogidagi g‘alaba, shuningdek, Finalissimadagi muvaffaqiyat.

Foto: Mundo AlbicelesteFoto: Mundo Albiceleste

Himoya chizig‘ini yana bir ispaniyalik futbolchi yakunlab beradi. 23 yoshli Erik Garsiya “Barselona” futbolchisi hisoblanadi va bir muddat Pep Gvardiolaning “Manchester Siti”si safida o‘ynagan. “La Masiya” tarbiyalanuvchisi Ispaniyaning 19 va 17 yoshgacha bo‘lgan terma jamoasi tarkibida Yevropa chempioni bo‘lib ulgurgan. Klub safida esa Angliya va Ispaniya chempioni, shuningdek, bir qator kuboklar sohibi sanaladi.

Foto: “Barselona”Foto: “Barselona”

Yarim himoyachilar

Yarim himoya chizig‘ini fransiyalik futbolchi boshlab beradi. Mezbonlar safida g‘oliblik uchun kurashuvchi Maykl Olise yaqindagina “Bavariya” safiga borib qo‘shildi. Bungacha Fransiyaning 18 va 21 yoshgacha bo‘lgan terma jamoalariga jalb qilingan. Futbolchilik faoliyatida Angliyaning “Reding” va “Kristal Pelas” klublarida to‘p surgan.

Foto: “Bavariya”Foto: “Bavariya”

Yarim himoya chizig‘idan gvineyalik futbolchi Nabi Keyta ham o‘rin egalladi. “Leypsig” va “Liverpul”dagi o‘yinlari bilan tanilgan futbolchi ham klublardagi faoliyati davomida bir qancha muhim sovrinlarni qo‘lga kiritib ulgurgan. Ayni vaqtda Germaniyaning “Verder” klubi sharafini himoya qilayotgan futbolchi “Liverpul” bilan Angliya chempioni, Chempionlar ligasi g‘olibi, Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati oltin medali sohibi sanaladi.

Foto: “Liverpul”Foto: “Liverpul”

Yarim himoya chizig‘ini yana bir ispaniyalik iqtidor Fermin Lopes yopib beradi. Futbolchi yaqindagina Ispaniya chempion bo‘lgan Yevro-2024 musobaqasida ham qatnashdi. 21 yoshli “Barselona” futbolchisi klubdagi debyutini 2023-yil avgustida o‘tkazdi va hozirgacha 31 ta o‘yinda maydonga tushdi.

Foto: “Barselona”Foto: “Barselona”

Hujumchilar

Hujum chizig‘i vakillari orasida eng mashhur futbolchilardan biri bu, shubhasiz, Fransiya forvardi Aleksandr Lyakazet hisoblanadi. “Lion” yetakchisi bir necha yil Angliyaning “Arsenal” klubi sharafini himoya qilgan. 33 yoshli hujumchi Fransiyaning deyarli barcha yosh toifalaridagi terma jamoalari safida to‘p surgan va 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar orasida Yevropa chempioni sanaladi. Klub safida Angliya va Fransiya superkuboklari va kuboklari g‘olibi hisoblanadi.

Foto: “L'Équipe”Foto: “L'Équipe”

Keyingi hujumchini faoliyati davomida yutmagan sovrini qolmadi, desak, mubolag‘a bo‘lmasa kerak. 24 yoshli Xulian Alvares Angliyaning “Manchester Siti” klubi safida to‘p suradi. U ham Otamendi kabi jahon va 2 karra Amerika chempioni, Finalissima g‘olibi sanaladi. “Manchester Siti” bilan esa Yevropa chempionlar ligasi, Yevropa superkubogi, Klublar o‘rtasida jahon chempionati, Angliya chempionati, Angliya kubogi g‘olibi bo‘lib ulgurdi. Shuningdek, bungacha “River Pleyt” safida Argentina chempioni, mamlakat kubogi va superkubogi hamda Libertadoresda g‘alaba qozongan.

Foto: “Manchester Siti”Foto: “Manchester Siti”

Tarkibni O‘zbekiston terma jamoasi yetakchisi Eldor Shomurodov yopib beradi. “Roma” hujumchisi UEFA Konferensiyalar ligasi g‘olibi va Yevropa ligasi finalchisi hisoblanadi. Shuningdek, Eldor O‘zbekiston tarixidagi eng yaxshi hujumchilardan biri sanaladi va mamlakatda ikki karra yil futbolchisi deb topilgan.

Foto: “Roma”Foto: “Roma”

Shu tariqa biz tuzgan tarkib quyidagicha ko‘rinish oldi. Sizning versiyangizda bu tarkib qanday bo‘lishi lozim edi? O‘z variantingizni izohlarda yozib qoldiring.

Grafik tarkib: “Gazeta.uz”Grafik tarkib: “Gazeta.uz”