Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) 2024-yilning birinchi yarim yilligida qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va uning oldini olish yuzasidan bajargan ishlari haqida hisobot berdi. Bu haqda ombudsman matbuot kotibi Fotima Madrahimova ma’lumot berdi.

Tekshirilgan hududlar

2024-yilning 1-yarim yilligida Ombudsman va Jamoatchilik guruhlari harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 452 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirdi. 2023-yilning 6 oyida — 348 ta.

Monitoring tashriflarning 56 tasi jazoni ijro etish koloniyalari, 71 tasi tergov hibsxonalari, 93 tasi vaqtincha saqlash hibsxonalari, 28 tasi Maxsus qabulxonalar, 17 tasi reabilitatsiya qilish markazlari, 23 tasi narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining filiallari, 28 tasi ruhiy-asab kasalliklari shifoxonalari, 36 tasi “Saxovat” va “Muruvvat” uylari, 61 tasi mastlik holatidagilarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari va 8 tasi tuman (shahar) Ichki ishlar bo‘limlarida o‘tkazilgan. Monitoring tashriflari davomida 3 mingga yaqin mahkum va mahbuslar bilan jamoaviy hamda 1585 ming nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.

Ombudsman muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, mehnat qilish sharoitlari hamda tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, saqlanayotgan shaxslar uchun olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotgani va boshqa shu kabi holatlarni o‘rgandi.

Monitoringda ko‘zga tashlangan kamchiliklar yuzasidan 6 oyda Ombudsman tomonidan mutasaddi va tegishli vazirlik va idoralarga 5 ta talabnoma, 5 ta taqdimnoma, 8 ta xulosa va 2 ta tahliliy axborotlar kiritildi.

Monitoringda aniqlangan kamchiliklar

Ombudsman tomonidan kiritilgan ta’sir choralarini ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanidagi eskirgan, bemorlarni saqlash va davolashda antisanitar holatga kelgan Narkologiya dispanseri Nukus tumanida joylashgan bo‘sh binoga ko‘chirildi va bemorlarga qulay sharoitlar yaratildi.

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda ishlovchi 50 nafar xodimga kamchiliklar sabab hayfsan berildi, 2 nafar xodim ma’muriy javobgarlikka tortildi, 3 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Ta’mirlangan muassasalar

Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, Jizzax shahar hamda Do‘stlik tumanidagi vaqtincha saqlash hibsxonalari, Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi VSH kapital, Samarqand viloyatidagi VSH joriy ta’mirlandi.

Nurafshon shahar va Toshkent tumani VSHlaridagi ta’mirtalab holatga kelgan kamera va sayr qilish xonalari to‘liq ta’mirlandi.

Navoiydagi 36-son Manzil-koloniyasidagi mahkumlarning umumiy soni uchun kichiklik qiladigan oshxona o‘rniga 300 o‘ringa mo‘ljallangan barcha qulayliklarga ega bo‘lgan oshxona qurilib, foydalanishga topshirildi.

Buxorodagi 4-son tergov hibsxonasida xo‘jalik ishlariga jalb qilingan mahkumlar uchun yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv xonalari qurilmoqda.

Mahkum va mahbuslarning murojaatlari

Hisobot davrida Ombudsmanga harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar hamda ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari (advokatlari) tomonidan 1 271 ta murojaat kelib tushdi. Bu ko‘rsatkich 2023-yilning shu davriga nisbatan 16 foizga kamaygan.

Murojaatlarda sud hukmi, surishtiruv va dastlabki tergov harakatlaridan norozilik, sud hukmini yengillashtirish, muddatidan oldin ozod etish va (yoki) afv etish, ruhiy, psixologik, jismoniy bosim o‘tkazilganligi yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi, Ombudsman bilan uchrashuv, boshqa muassasaga o‘tkazish, oila a’zolariga ko‘mak berish, tibbiy yordam ko‘rsatish, sud majlisida Ombudsman Kotibiyati xodimining ishtiroki va boshqa masalalar ko‘tarilgan.

Murojaatlarga munosabatlar

Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, 24 nafar jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 13 nafari davolanish uchun kasalxonalarga joylashtirildi.

7 nafar mahkumga jazo muddatining o‘talmay qolgan qismini yengilrog‘iga almashtirishida yoki muddatidan ilgari shartli ozod etilishida, 5 nafariga amaldagi intizomiy ta’sir chorasini muddatidan avval rag‘batlantirish tariqasida yechilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.

2 nafar mahkum yashash joyiga yaqin bo‘lgan jazoni ijro etish muassasalariga o‘tkazilgan.

Manzil-koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning 6 nafar voyaga yetmagan farzandlariga bola nafaqasi puli olishda va 5 nafar mahkumning oila a’zolariga joylardagi mahalliy hokimliklar ko‘magida moddiy yordam ajratilishiga erishildi.

Ombudsman nomiga 2024-yil 1-yarim yilligida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi yuzasidan 95 ta shikoyat kelib tushdi. Bu ko‘rsatkich 2023-yilning shu davrida 125 tani tashkil etgan.

Shikoyatlarning 8 tasi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar Ombudsman murojaatiga asosan yuqori turuvchi prokurorlar tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi belgilangan. 35 tasi esa o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari hamda prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga ko‘ra o‘z tasdig‘ini topmadi.

Ombudsmanning nazorat xatiga ko‘ra, 1 ta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 52 ta shikoyat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.