Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan tadbirkorlik subyekti aniqlandi, deb xabar bermoqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, inspeksiya viloyat hududiy boshqarmasi, IIB va Bosh prokuratura departamenti, gaz ta’minoti korxonasi hamkorligida nazorat tadbiri o‘tkazilgan. Unda Marg‘ilon shahrida faoliyat yuritayotgan “Sh.I.D.” MCHJning qurilmalari gaz hisoblagichdan tashqari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangani aniqlangan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat manfaatlariga 7 milliard 143 million so‘m zarar yetkazilgan.

Ushbu qoidabuzarlik holati bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.