Prezident 23-iyul kuni zargarlik buyumlari ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlashga doir farmonni imzoladi, deb xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

2025-yil yakunigacha qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarning yillik ishlab chiqarish hajmlarini 1 milliard dollarga, eksport ko‘rsatkichini esa 100 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Hujjatga muvofiq, 2024−2026-yillarda Buxoro va Namangan viloyatlarida bittadan, Toshkent shahrida ikkita zargarlik markazi tashkil etilib, u yerlarda tadbirkorlar uchun zarur infratuzilma yaratiladi.

2025-yil 1-yanvargacha zargarlik markazlarini tashkil etish uchun davlat ko‘chmas mulk obyektlarini yaxlit mulk sifatida yoki lotlar (qismlar va xonalar)ga bo‘lgan holda tadbirkorlik subyektlari va tijorat banklariga uzoq muddatli ijaraga yoki mulk huquqi asosida, qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlarida realizatsiya qilish choralari ko‘riladi.

Farmonga muvofiq tashkil etiladigan zargarlik markazlaridagi ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni kechiktirib to‘lash sharti bilan sotishda:

  • 90 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga — foiz hisoblanmaydi;
  • 91-kundan boshlab 180-kungacha amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga — yillik 3 foiz miqdorida foiz hisoblanadi.

️1-avgustdan xorijiy ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish etish uchun olib chiqiladigan tayyor zargarlik buyumlarini “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimiga joylashtirishda yig‘im BHMning 1 baravari (340 ming so‘m) miqdorida undiriladi.

2024-yil 1-oktabrdan 2027-yil 1-oktabrgacha O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan hamda zargarlik sohasida foydalaniladigan asbob-uskunalar, qadoqlash va etiketkalash mahsulotlari bojxona bojidan ozod etiladi.

1-noyabrdan boshlab xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona to‘lovlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan zargarlik buyumlarini chakana sotuvga qo‘yish va sotish taqiqlanadi. Biroq bu tartib 2024-yil 1-sentabrgacha rasmiylashtirilgan (kirim qilingan) zargarlik buyumlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Qimmatbaho metallarning hamda qimmatbaho metallar bilan qoplangan metallarning chiqindilari va parchalari litsenziya asosida eksport qilinadigan maxsus turdagi tovarlar ro‘yxatiga kiritiladi.

Asillik inspeksiyasining xulosasi bo‘lmagan yarim tayyor zargarlik buyumlarini O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqish man etiladi.

Jismoniy shaxslarga og‘irligi 200 grammgacha bo‘lgan kumushdan hamda 65 grammgacha bo‘lgan oltin va boshqa qimmatbaho metallardan yasalgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan, ushbu miqdorlardan ortiq bo‘lganlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil noyabr oyida prezident farmoni bilan qiymati 100 mln so‘mgacha bo‘lgan zargarlik buyumlarini deklaratsiya to‘ldirmasdan olib chiqishga ruxsat berilgan edi.

2027-yil 1-yanvargacha O‘zbekistonga olib kiriladigan tayyor zargarlik buyumlariga nisbatan import bojxona bojlari 20 foizdan 10 foizgacha kamaytiriladi.

2025-yil 1-yanvargacha Toshkent shahri, Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida zargarlik buyumlarining asilligini tezkor tekshirish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatuvchi shoxobchalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.