AQSh prezidenti Jo Bayden Oq uyning Oval kabinetidan xalqqa murojaat qilib, unda 2024-yilgi saylovlardan chiqish qarorini izohladi. Uning nutqi matni The New York Times nashrida e’lon qilindi.

“So‘nggi haftalarda men o‘z partiyamni birlashtirishim kerakligi ayon bo‘ldi… Men prezident sifatidagi yutuqlarim, dunyodagi yetakchiligim, Amerika kelajagi haqidagi qarashlarim sabab ikkinchi muddatga saylanishimga loyiqman, deb hisoblayman. Ammo demokratiyamizni saqlab qolish yo‘lida hech narsa to‘sqinlik qila olmaydi. Bu shaxsiy ambitsiyalarga ham tegishli”, — deydi u.

Baydenning aytishicha, u oldinga siljishning eng yaxshi yo‘li “estafetani yangi avlodga topshirish” deb qaror qilgan.

“Bu xalqimizni birlashtirishning eng yaxshi usuli. Jamiyatda ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan odamlar uchun vaqt va joy bor edi. Ammo yangi ovozlar — ha, aynan yosh ovozlar uchun ham vaqt va joy bor. Bu vaqt va joy — hozir”, — dedi u.

“Men bu lavozimni qadrlayman. Lekin men o‘z vatanimni ko‘proq sevaman”, — dedi Bayden. “Sizning prezidentingiz bo‘lish men uchun sharaf. Ammo xavf ostida qolgan demokratiyani himoya qilishda menimcha, bu har qanday unvondan muhimroqdir”.

Amerika rahbari o‘z vakolatining qolgan olti oyida asosiy e’tiborni prezidentlik vazifalariga, jumladan, iqtisodiyotni rivojlantirish va fuqarolar huquqlarini himoya qilishga qaratishini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar “Putinning Ukrainani egallashiga yo‘l qo‘ymaslik” va NATOni mustahkamlash uchun davlatlar koalitsiyasini birlashtirishda davom etadi. Bayden G‘azodagi urushni to‘xtatish va barcha isroillik garovga olinganlarni ozod qilish niyatida ekanini qo‘shimcha qildi.

Bayden, shuningdek, amerikaliklarni tez orada Demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lishi kutilayotgan vitse-prezident Kamala Xarrisni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

“Men o‘z tanlovimni qildim”, deb ta’kidladi Bayden va Xarrisni “tajribali, kuchli, qobiliyatli” hamda “aql bovar qilmaydigan sherik” deb atadi.

“Amerikaning ajoyib tomoni shundaki, uni qirollar va diktatorlar emas, balki odamlar boshqaradi. Tarix sizning qo‘lingizda. Hokimiyat sizning qo‘lingizda… Shunday ekan, keling, demokratiyamizni saqlab, birgalikda harakat qilaylik”, — dedi AQSh prezidenti.

  • Bayden 21-iyul kuni partiya a’zolarining nomzodlikdan voz kechish haqidagi chaqiriqlari fonida saylov poygasidan chiqish qarorini e’lon qildi. Baydenga nisbatan bosim uning respublikachi nomzod Donald Tramp bilan muvaffaqiyatsiz debatidan keyin kuchaydi.