Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 25-iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida asosiy stavkaning 14 foizdan 13,5 foizga tushirilishi “pul-kredit sharoitlarining qat’iylik darajasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmasligini” aytdi.

“Bugungi qarordan keyin [stavka pasaytirilishi] Markaziy bank to‘liq pul-kredit siyosatini yumshatish va asosiy stavkani pasaytirish sikliga o‘tdi, degan xulosaga kelishga biroz erta. Chunki shakllanayotgan makroiqtisodiy sharoitlar, inflyatsiya kutilmalari va joriy inflyatsiya biz uchun eng muhim ko‘rsatkichlar hisoblanadi. Bugun biz bu bosqich to‘liq boshlandi, deb ayta olmaymiz, chunki geoiqtisodiy noaniqliklar ko‘p, cheklovlar ko‘p”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilning mayigacha nisbatan yuqori darajadagi inflyatsiya (9 foizgacha) saqlanib qoladi, shuning uchun regulyator pul-kredit siyosatini yumshatishga o‘tmoqda, deyish mumkin emas, ya’ni bu qaror pul-kredit sharoitlarining qat’iylik darajasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi va uning “cheklovchi” xarakteri saqlanib qoladi.

“Agar vaziyat biz kutgandan yaxshiroq bo‘lsa, biz asosiy stavkani ko‘rib chiqishga tayyormiz. Biroq hozir bunday tendensiya boshlandi, deb ayta olmaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi MB rahbari.

Mamarizo Nurmuratovning ta’kidlashcha, ayni damda “bu qarorni iqtisodiyotda bazaviy inflyatsiyaning barqaror pasayish tendensiyasi shakllangani va inflyatsiyani yil oxirigacha prognoz darajasiga tushirish uchun yetarli shart-sharoit yaratilganining e’tirofi sifatida baholash to‘g‘ri bo‘ladi”.

“Asosiy stavkani pasaytirish bosqichiga to‘liq o‘tish ko‘p jihatdan o‘rta muddatli istiqbolda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha pul-kredit va makroprudensial siyosat doirasida belgilangan chora-tadbirlarning to‘liq amalga oshirilishi va samaradorligiga bog‘liq”, — dedi u.

Regulyatorning asosiy maqsadi joriy yil oxirigacha inflyatsiya darajasini 9 foizga kamaytirish va o‘rta muddatli istiqbolda 5 foiz ko‘rsatkichiga erishishdir.

Markaziy bank payshanba kuni stavkani 13,5 foizga tushirdi. Oxirgi marta stavka o‘tgan yilning mart oyida o‘zgartirilgandi, o‘shanda u 15% dan 14% gacha kamaygan. Oxirgi marta Markaziy bank stavkasi yetti yil avval — 2017-yilning 24-iyunigacha 14 foizdan pastroq bo‘lgan, o‘sha payt u 9 foizni tashkil qilar edi.

Asosiy stavka nima?

Markaziy bank asosiy stavkasi — pul-kredit siyosatining asosiy instrumentlaridan biri hisoblanadi. Banklararo pul bozoridagi foiz stavkalari, shuningdek, Markaziy bank tomonidan bank tizimiga likvidlikni taqdim etish bevosita asosiy stavkaga bog‘liq.

Shunday qilib, asosiy stavka iqtisodiyotdagi foiz stavkalari darajasiga, shuningdek, aholi va biznesning iste’mol va investitsion (sarmoya kiritish) qarorlariga ta’sir ko‘rsatgan holda ichki talab va inflyatsiya darajasi o‘zgarishida ahamiyat kasb etadi.

O‘z navbatida, tijorat banklari asosiy stavkaning trayektoriyasini kuzatib, pul bozoridagi likvidlik yaqin kelajakda arzon yoki qimmatlashishini tushunadi. Tabiiyki, bu esa, banklarni o‘z mahsulotlari va xizmatlari narxlarini o‘zgartirishga undaydi (masalan, aholi va tadbirkorlardan jalb etiladigan omonatlar va ularga ajratiladigan kreditlar bilan bog‘liq xarajatlar).

Agar iqtisodiyotda inflyatsiya darajasining o‘sish sur’ati jiddiy tezlashsa va Markaziy bank asosiy stavkani ko‘tarsa, ushbu holat banklar tomonidan depozit va kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini oshirish ehtimolini yuzaga keltiradi. Bu esa, banklararo (joriy likvidlikni ta’minlash maqsadida banklar bir-birlariga pul mablag‘larini ma’lum bir foiz evaziga taqdim etadigan bozor) va umuman olganda pul bozorida mablag‘larni jalb etish bilan bog‘liq xarajatlarning oshishiga olib keladi.

Inflyatsiya darajasi hamda asosiy stavkaning pasayishi banklararo pul bozorida pul mablag‘larini jalb etish arzonlashishiga, bu esa yuqori bo‘lmagan foiz stavkalarida kreditlar ajratish orqali aholi va tadbirkorlar uchun moliyaviy manbalarning maqbullashishiga sabab bo‘ladi.

Foiz stavkalarining pasayishi bank bozoridagi raqobatga ham juda bog‘liq.