2024-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonga transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 25 foizga oshdi. Bu haqda 25-iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz” muxbiri.

Pul o‘tkazmalari hajmi 6,5 milliard dollarni tashkil etdi (2023-yilning yanvar-iyun oylarida bu ko‘rsatkich 5,2 milliard dollar bo‘lgan). Bu MBning dekabr va aprel oylaridagi dastlabki prognozlaridan ikki baravar ko‘p (hozirgi 25 foiz o‘rniga 11−12 foiz kutilgandi).

Unga ko‘ra, mehnat migratsiyasi geografiyasi kengayishda, naqd pul tushumlari esa diversifikatsiyalanishda davom etmoqda. Xususan, Rossiyaning ulushi 2022-yildagi 81−82 foizdan 77 foizga — 4,95 milliard dollarga kamaygan.

“[Rossiyadan] pasayish kuzatilmoqda, biz buni pul o‘tkazmalari sonida ko‘ryapmiz. Biz nafaqat summani, balki qanday summa va qancha tranzaksiya bo‘layotganini ham ko‘ryapmiz, u yerda ham pasayish kuzatilmoqda”, — dedi Mamarizo Nurmuratov.

Qozog‘istondan tushumlar 347 million dollarga, AQShdan 271 million dollarga (+43 foiz), Janubiy Koreyadan 267,3 million dollarga (+90 foiz) oshdi. Bundan tashqari, Germaniya (+64%) va Polshadan (+93%) pul o‘tkazmalari oqimi ko‘paydi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil oxirida Rossiyaning pul o‘tkazmalaridagi ulushi qariyb 87 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda ko‘rsatkich 78 foizga kamaygan.

O‘tgan yil oxirida Jahon banki Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmining bosqichma-bosqich qisqarishini qayd etgan edi. Bu Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni qisqargani, so‘m kursining rublga nisbatan mustahkamlangani va rubl inflyatsiyasi bilan izohlangan.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev 100 mingga yaqin fuqaroni tashkiliy ravishda xorijiy davlatlarda ishga joylashtirish uchun o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Keyinchalik Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Germaniya, shuningdek, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardagi 50 mingta vakansiya uchun tanlov e’lon qilgandi. Mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash va o‘qitish bo‘yicha ham yangi chora-tadbirlar joriy etilmoqda.