Sud “Navoiyazot"ning Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga qarshi da’vosini qanoatlantirmadi.

11-iyun kuni Raqobat qo‘mitasi “Navoiyazot"ga monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzgani yuzasidan ish qo‘zg‘atgandi.

Ma’lum qilinishicha, qo‘mita korxona ishlab chiqargan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar birja orqali sotilishida narx manipulyatsiyasi holatlarini aniqlagan. Buning oqibatida taklifning sun’iy ravishda kamaytirilishi narxlarning o‘rtacha 10 foizdan 50 foizgacha oshishiga olib kelgan.

Xususan, qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, “Navoiyazot” ishlab chiqarilgan karbamid, sulfat ammoniya va superfosfatning to‘liq hajmlarini sotuvga qo‘ymagan. Mineral o‘g‘itlarning barcha turlari bo‘yicha davlat korxonasi ustun mavqega ega va tegishli reyestrga kiritilgan.

Bundan tashqari, qo‘mitaning ta’kidlashicha, davlat kompaniyasi polivinilxlorid va formalin narxini manipulyatsiya qilgan. Ularga nisbatan ham monopol tovarlarni faqat birja orqali sotish talablari mavjud.

Monopoliyaga qarshi organning xulosasiga ko‘ra, 2021−2023-yillarda “Navoiyazot” yuqorida qayd etilgan barcha turdagi 57,2 ming tonna mahsulotni auksionga qo‘ymagan, bu esa narxlarning oshishiga olib kelgan. Narxlarni oshirib yuborishdan korxonaning asossiz foydasi 20,5 milliard so‘mga baholanmoqda.

Ushbu faktlar asosida qo‘mita “Navoiyazot"ga nisbatan ish ochgandi. Korxonaga qonunbuzarliklarni bartaraf etish va kelgusida ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

“Navoiyazot"ning munosabati va sud qarori

“Navoiyazot"ning ta’kidlashicha, qo‘mita avvalroq kompaniyaning 2018−2023-yillardagi faoliyatini o‘rganib, korxona asossiz daromad olganini bildirgan. Shundan so‘ng “Navoiyazot” Toshkent shahri tumanlararo ma’muriy sudiga ariza bilan murojaat qilgan va sud o‘tgan yilning 8-noyabrida shikoyatni qanoatlantirib, qo‘mita komissiyasining qarorini haqiqiy emas deb topgan.

Joriy yilda qo‘mita kompaniyaning 2021−2023-yillardagi faoliyatini qayta o‘rganib chiqqan va birjalarda yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni sotish bo‘yicha talablar buzilganini aniqlagan. Tashkilot Raqobatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 20,5 milliard so‘m miqdoridagi asossiz daromadni undirishga qaror qilgan.

“Navoiyazot” monopoliyaga qarshi organ va fond birjasini “korxonada mavjud texnologik jarayonlardan kelib chiqqan holda” belgilangan hajmda va muddatlarda kimyoviy mahsulotlar birjaga chiqarilmagan holatlar to‘g‘risida yozma ravishda muntazam xabardor qilib borishini ma’lum qilgan. Kompaniyaning qayd etishicha, holat qasddan qilinmagan.

Yetkazib beruvchi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021−2023-yillarda birjaga 3,29 million tonna mineral o‘g‘it qo‘yilgan, shundan 2,37 million tonnasi xarid qilingan.

Kompaniya asossiz daromadni undirish maqsadida ushbu qarorni haqiqiy emas deb topish uchun sudga murojaat qilgan.

Biroq, Raqobat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 23-iyul kuni Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi “Navoiyazot"ning monopoliyaga qarshi organ qarori ustidan shikoyatini rad etgan.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “Lukoyl” shu’ba korxonasini “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablarini hamda birja auksionlarida yuqori likvidli va monopol tovarlarni sotish qoidalarini buzganlikda aybdor deb topgandi. Qo‘mita asossiz olingan daromadni qaytarishga qaror qilgandi.