Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 24-iyul kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasida nutq so‘zladi. U HAMAS ustidan “to‘liq g‘alaba"ga erishishga va’da berdi va AQShni qurol yetkazib berishni tezlashtirishga chaqirdi, deb xabar bermoqda CNN.

“Isroil HAMASning harbiy salohiyati va G‘azodagi qudratini yo‘q qilib, barcha garovga olinganlarni uylariga olib kelgunimizcha kurashadi. Bu to‘liq g‘alaba degani. Biz bundan kam narsa bilan kifoyalanmaymiz”, — dedi Netanyahu.

U urushdan keyingi G‘azo bo‘yicha ham o‘z qarashlarini bayon qildi. “Urush tugaydigan kun haqidagi tasavvurim qurolsizlangan va deradikallashtirilgan G‘azodir”, — dedi bosh vazir.

Netanyahu Isroil G‘azoni bosib olishga intilmasligini, biroq anklav boshqa “tahdid tug‘dirmasligini” ta’minlash uchun yaqin kelajakda “xavfsizlik nazoratini saqlab qolishi” kerakligini yana bir bor ta’kidladi.

“G‘azoda Isroilni yo‘q qilishga intilmaydigan falastinliklar boshqaradigan fuqarolik ma’muriyati bo‘lishi kerak. Bu biz talab qilish va olish huquqiga ega bo‘lgan asosiy narsa”, — dedi Isroil hukumati rahbari.

Netanyahu Isroilga qarshi G‘azoda falastinliklar genotsidi ayblovlarini “o‘ta g‘ayritabiiy tuhmat”, Isroil anklav aholisini ochlikda tutib turgani haqidagi da’volarni esa “mutlaqo bema’nilik” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil hukumati G‘azoga “insonparvarlik yordami bo‘lgan 40 mingdan ortiq yuk mashinasini” o‘tkazib yuborgan. CNN`ning qayd etishicha, BMT bu raqamni tasdiqlamagan. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo aholisining 96 foizi hozirda “inqiroz” darajasida yoki undan yuqori darajada oziq-ovqat tanqisligiga duch kelmoqda.

Netanyahu, shuningdek, uni hibsga olish uchun order berishi kutilayotgan Xalqaro jinoiy sudni (XJS) “Isroilning qo‘llarini kishanlashga urinishda” aybladi. Bunday harakat “barcha demokratik mamlakatlarning terrorizmga qarshi kurashish qobiliyatini” xavf ostiga qo‘yadi, dedi Isroil bosh vaziri.

Netanyahu G‘azo urushini Isroil tomonidan Amerika manfaatlari yo‘lida olib borilayotgan Eronga qarshi urush sifatida ko‘rsatdi.

“Eron Amerikaga chinakamiga qarshi turish uchun avvalo Yaqin Sharqni zabt etishi kerakligini tushunadi. Buning uchun u o‘zining ko‘p sonli vositachilaridan, jumladan, xusiylar, Hizbulloh va HAMASdan foydalanadi. Biroq Yaqin Sharqning qoq markazida Eron yo‘lida bitta mag‘rur amerikaparast demokratiya turibdi — bizning mamlakatimiz, Isroil davlati, — dedi u. — Shu sababli Isroil HAMASga qarshi kurashayotganda, biz Eronga qarshi kurashamiz. Biz Hizbulloh bilan kurashayotganda, Eronga qarshi kurashamiz. Xusiylar bilan kurashayotganda, Eronga qarshi kurashamiz”.

Isroil hukumati rahbari AQShni “G‘azodagi urushni tezroq tugatish” va “Yaqin Sharqda kattaroq urushning oldini olishga yordam berish” uchun o‘z mamlakatiga harbiy yordam yetkazib berishni tezlashtirishga chaqirdi.

Netanyahu butun dunyoda, jumladan, AQShda bo‘lib o‘tayotgan urushga qarshi va Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlarni “Isroilga qarshi” deb atadi va namoyishchilar “uyalishi kerak” dedi. “Aniqlik yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi farqni tushunishdan boshlanadi. Isroilga qarshi namoyishchilarning ko‘pchiligi yovuzlik tomonida turishni tanlaganiga aqlbovar qilmaydi. Ular HAMASni qo‘llab-quvvatlayapti. Ular zo‘ravon va qotillarni qo‘llab-quvvatlayapti”, — dedi u.

CNN`ning qayd etishicha, Netanyahuning nutqi 52 daqiqa davom etgan va asosan respublikachilar tomonidan olqishlar bilan kutib olingan. AP xabariga ko‘ra, Kongressning 60 dan ortiq demokrat a’zosi, jumladan, Vakillar palatasi sobiq spikeri Nensi Pelosi ham majlisni boykot qilgan. Kongressning Falastin millatiga mansub yagona a’zosi Rashida Tlaib Netanyahu nutqi chog‘ida “Urush jinoyatchisi” va “Genotsidda aybdor” degan yozuvni ko‘tardi, deb yozdi NBC News.

Netanyahu nutqi davomida minglab namoyishchilar Kapitoliy tepaligi atrofida to‘plandi, deb yozmoqda CNN. Ular Amerika bayroqlari va Isroil bosh vazirining suratlarini yoqib yuborgan. Netanyahu nutqida ularni “Eronning foydali ahmoqlari” deb atadi.

  • Bu Binyamin Netanyahuning AQSh Kongressidagi to‘rtinchi nutqi bo‘ldi, bundan avvalgisi 2015-yilda bo‘lgan. Shu tariqa u tarixda amerikalik qonunchilar oldida eng ko‘p chiqish qilgan xorijiy liderga aylandi.