Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 24-iyul kuni Fransiyadagi Olimpiada o‘yinlarining guruh bosqichi ilk uchrashuvini mag‘lubiyat bilan boshladi. O‘yin 1:2 hisobida yakunlandi.

O‘zbekiston futbol assosiatsiyasi uchrashuvdan so‘ng sportchilardan o‘yin haqidagi fikrini so‘radi. Xususan, Olimpiya o‘yinlaridagi O‘zbekistonning ilk goli muallifi Eldor Shomurodov “o‘yinni yomon o‘tkazmaganliklarini” aytdi.

“Raqibdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, aynan kichik xatolar evaziga yutqazdik deb o‘ylayman. Vazifamiz — birinchi navbatda guruhdan chiqish. G‘alaba qozonmagan bo‘lsak ham, guruhda o‘zimizga teng bo‘lgan raqiblarimiz bor. Shuning uchun, hozircha hech narsa yo‘qotganimiz yo‘q. Oldinda muhim o‘yin turibdi, shunga tayyorgarlik ko‘ramiz”, — dedi jamoa favoriti Eldor Shomurodov.

Uchrashuvda O‘zbekiston darvozasini himoya qilgan Abduvohid Ne’matov jamoa o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganini, ularni qo‘llab-quvvatlaganlarga rahmat aytishini ta’kidladi. Uning aytishicha, jamoa Ispaniyani yengishi uchun omad yetishmadi. U penaltidan tepilgan to‘pni qaytardi. Lekin navbatdagi tashkil etilgan hujumda berilgan zarbani esa “aniq ko‘rmay qolganini” aytdi.

Yana bir futbolchi Umarali Rahmonaliyev esa umumiy o‘yinga baho berib, faqat natijadan tashqari barchasi yaxshi bo‘lganini ta’kidladi. “Maydonga g‘alaba uchun tushgan edik, shuning uchun so‘nggi daqiqalarda bor e’tiborimizni hujumga qaratdik. Zich himoyani hisobni saqlab qolish qo‘llaniladi. Ispaniya ham ushbu uslubdan foydalandi”, — dedi u.

Bundan tashqari, O‘zbekiston-Ispaniya o‘yinini FIFA prezidenti Janni Infantino ham tribunadan kuzatdi. U o‘zining rasmiy sahifasida bugungi uchrashuv haqida post qoldirdi: “O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi Olimpiada ochilish o‘yinlaridan birida bo‘lganimdan juda xursandman. Parij barcha odamlarni birlashtirayotganini ko‘rish juda ajoyib. 2024-yilgi Olimpiya o‘yinlaridagi ajoyib sport haftasini intiqlik bilan kutyapman!”.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik futbolchilar keyingi uchrashuvini “S” guruhida 27-iyul kuni (20:00) Misrga qarshi o‘tkazadi. O‘yin Nant shahrining “La Bojuar” stadionida o‘tkaziladi. Uchinchi o‘yin 30-iyulda (18:00) Dominikan Respublikasiga qarshi bo‘lib o‘tadi. Uni ko‘rishni istovchilar Parijdagi “Park de Prens” stadioniga borishlari mumkin.