O‘zbekiston fuqarosi Polshada ikki o‘smirga hujum qilgani aytilgan ishda jabrlanuvchi bo‘lib chiqdi, deya xabar qildi O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasi matbuot xizmati.

Polsha ommaviy axborot vositalari yaqinda Varshavadagi Brodnensk bog‘ida oziq-ovqat yetkazib berish xizmatida ishlagan 26 yoshli o‘zbekistonlik yigit ukrainalik 15 yoshli ikki o‘smirga pichoq bilan hujum qilgani haqida xabar bergandi.

O‘zbekiston elchixonasi vaziyatga oydinlik kiritish uchun o‘sha yigit — Mashhurbek Kozimjonov va huquq tartibot idoralari bilan bog‘landi. Idora yigit qiz bilan onlayn tanishuv sayti orqali tanishib, firibgarlar tuzog‘iga tushib qolganini ma’lum qildi.

“Qiz uni talon-taroj qilish maqsadida o‘zining hamyurtlari oldiga olib kelgan. O‘zbekiston fuqarosi kaltaklangandan so‘ng o‘zini himoya qilgan”, — deyiladi xabarda.

Jabrlanuvchining o‘zi esa uch-to‘rtta ukrainalik unga bosqinchilik uyushtirgani, o‘zini himoya qilayotganida ulardan biriga jarohat yetkazganini aytdi. U ko‘rsatilayotgan yordam uchun elchixonaga minnatdorchilik bildirdi.

Diplomatik missiyaning bildirishicha, Polsha huquq-tartibot idoralari bilan Kozimjonovning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida olib borilgan muzokaralar va tezkor tadbirlar natijasida unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinishiga erishildi.

Tergov bilan bog‘liq keyingi harakatlar Polshadagi diplomatik vakolatxona va faol vatandoshlar nazoratida ostida, deyiladi xabarda