AQSh Maxfiy xizmati (USSS) direktori Kimberli Chitl o‘z agentligi sobiq prezident Donald Trampga suiqasdning oldini ololmagani uchun tanqidga uchragani ortidan iste’foga chiqdi, deya xabar bermoqda CNN va Reuters.

“So‘nggi voqealarni hisobga olgan holda, men sizning direktoringiz lavozimidan ketish haqida og‘ir qarorga keldim” — deb yozgan Chitl Maxfiy xizmat xodimlariga yo‘llagan maktubida. U hujum kuni tashkilot “mamlakat rahbarlarini himoya qilish” vazifasini bajara olmaganini tan oldi.

Prezident Jo Bayden Chitlning iste’fosini qabul qilib, unga davlat xizmatidagi o‘n yillik mehnati uchun minnatdorchilik bildirdi. U Trampga suiqasd bo‘yicha tergov davom etayotganini qo‘shimcha qildi va tez orada yangi USSS direktorini tayinlashga va’da berdi.

22-iyul kuni Chitl Vakillar palatasining nazorat qo‘mitasi oldida voqea yuzasidan ko‘rsatma berdi. U Trampga suiqasd “Maxfiy xizmatning o‘n yilliklardagi eng katta muvaffaqiyatsizligi” ekanini tan oldi. Bir necha soat davom etgan tinglovda Chitl kongressmenlarning otishma sodir bo‘lgan Tramp mitingida qanday xavfsizlik choralari ko‘rilgani haqidagi savollariga javob berishdan bosh tortdi. Natijada, tinglovlar yakuniga ko‘ra, odatda o‘z partiyasidan tayinlanganlarni himoya qiladigan demokrat qonunchilar ham uni iste’foga chaqirdi, deb yozadi The New York Times.

  • Respublikachilar partiyasidan davlat rahbari lavozimiga qayta nomzodini qo‘yayotgan Tramp 13-iyul kuni Pensilvaniyada saylovoldi tashviqoti mitingi chog‘ida otib ketildi. O‘q siyosatchining qulog‘iga tekkan. Hujum qilgan shaxs 20 yoshli mahalliy fuqaro Tomas Mettyu Kruks bo‘lgan. U Tramp gapirgan sahnadan taxminan 120−150 metr uzoqlikdagi bino tomidan o‘q uzgan. Maxfiy xizmat uni otib o‘ldirgan.
  • Chitl 27 yil davomida AQSh maxfiy xizmatida ishlagan. U 2022-yilda Bayden USSS rahbari etib tayinlaguniga qadar qisqa muddat xususiy sektorda faoliyat yuritgan — PepsiCo kompaniyasida global xavfsizlik bo‘yicha direktor bo‘lib ishlagan.