Shimoliy Koreya chorshanbaga o‘tar kechasi yana Janubiy Koreya tomonga chiqindi bilan to‘ldirilgan yuzlab sharlarni uchirdi, deb xabar bermoqda Yonhap axborot agentligi. Ushbu havo sharlaridan biri Seul markazidagi Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolning idorasi joylashgan majmua hududiga kelib tushdi.

“Kimyoviy, biologik va radiologik chora-tadbirlar guruhi tomonidan olib borilgan tergov obyektlar xavf tug‘dirmasligini ko‘rsatdi”, — deyiladi Prezident xavfsizlik xizmati xabarida.

Yonhap agentligining qayd etishicha, Janubiy Koreya harbiylari havo sharlaridagi potensial xavfli qismlar tarqalib ketishi va qo‘shimcha zarar yetkazilishining oldini olish uchun ularni havoda urib tushirmaydi.

Qolgan sharlar kunduzi Seul va shimoliy Kyongido provinsiyasining turli qismlariga tushdi. Shu sababli Kimpxo xalqaro aeroportida uchish va qo‘nishlar taxminan bir soatga to‘xtatildi.

May oyining oxiridan beri KXDR janubiy koreyalik faollar tomonidan shimolga uchirilgan hukumatga qarshi varaqalarga javoban Janubiy Koreya tomon 3000 dan ortiq chiqindi sharlarini uchirib kelmoqda.

Yakshanba kuni Janubiy Koreya chegaradagi ovoz kuchaytirgichlardan eshittirishlarni qaytadan boshladi. Bunday tashviqot ko‘rsatuvlari odatda yangiliklar eshittirishlari, chegara yaqinidagi Shimoliy Koreya askarlarini Janubiy Koreyaga qochib ketishga chaqirish va taqiqlangan key-pop qo‘shiqlari, jumladan, BTS guruhining Dynamite va Butter xitlarini o‘z ichiga oladi, deb yozadi Yonhap.