Tarmoqlarda Toshkent ko‘chalarining birida kechki vaqt King Long rusumli o‘ta katta sig‘imli (“garmoshka”) avtobus yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, xavfli “manyovr”larni amalga oshirgani aks etgan video tarqaldi.

Holat bo‘yicha “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi matbuot xizmati munosabat bildirib, 58-sonli avtobus haydovchisi S.F. o‘z xizmat vazifasini suiiste’mol qilib, qo‘pol qoidabuzarlik sodir etganini ma’lum qildi. U o‘z ishini yakunlaganidan so‘ng gaz qo‘yish shoxobchasi tomon harakatlanayotgan paytda do‘stlari bilan shahar ko‘chalarida qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib, avariya holatini keltirib chiqargan va buni videoga olgan.

“Bu videoni olishdan maqsad — Instagram tarmog‘iga joylashtirish. Bunday salbiy oqibatlarga olib kelishini bilmagandim. Qilgan ishimdan ming bor afsusdaman”, — dedi haydovchi.

Mazkur harakatlar uchun haydovchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Kompaniya qo‘pol qoidabuzarlik sodir etib, mehnat shartnomasi bekor qilingan haydovchilarning elektron bazasi, ya’ni, “Qora ro‘yxat”i joriy etilganini eslatdi. Unga ko‘ra, ushbu haydovchilar avtobus saroyi filiallariga qayta ishga olinmasliklari qat’iy belgilangan.

Shu kunga qadar ushbu ro‘yxatga kiritilgan haydovchilar soni 197 nafarni tashkil etmoqda. Xususan, yuqoridagi haydovchi ham ushbu qora ro‘yxatga kiritildi.

Bundan tashqari, qoidabuzarlik chog‘ida nafaqat o‘zining balki boshqa yo‘l harakati ishtirokchilarining ham hayotini xavf ostiga qo‘ygani sababli F.S.ni haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish yuzasidan jinoyat ishlari sudiga maxsus taqdimnoma kiritilgan.