24-iyul kuni Troll.uz blogi muallifi Umid Gafurov mazkur tender bo‘yicha o‘z savollarini e’lon qildi. Uning eslashicha, 2023-yilning sentabr oyida Sergeli tumanidagi omborxonada yuz bergan portlash oqibatida BYD Uzbekistan kompaniyasiga tegishli bo‘lgan avtomobillarga turli xil shikast yetgan.

O‘shanda kompaniya “xavfsizlik va atrof-muhitni saqlash” muhimligini ta’kidlab, barcha shikastlangan avtomobillar utilizatsiya qilinishini aytgandi.

2024-yilning aprel oyida BYD Uzbekistan Factory tomonidan 5,7 mlrd so‘mlik turli shikastlangan 850 ta avtomobilni ta’mirlash bo‘yicha ochiq tender e’lon qilingandi. Gap to‘rt eshikdagi engil, o‘rta va og‘ir shakldagi pachoqlanishlarni bo‘yamasdan bartaraf etish haqida ketmoqda.

Gafurov ushbu 850 ta mashina bilan portlashdan zarar ko‘rgan va utilizatsiya qilinishi kerak bo‘lgan mashinalar o‘rtasida bog‘liqlik bor-yo‘qligiga qiziqdi.

“Umuman olganda, avtomobil ishlab chiqarish va tayyor avtomobillarni Xitoydan olib kelib sotish bilan shug‘ullanuvchi korxona nima sababdan 900 ta avtomobilni tuzatish uchun tender e’lon qilmoqda?” — deb yozgan u.

BYD reaksiyasi

Kompaniya matbuot xizmati Sergeli tumanidagi omborxonada sodir bo‘lgan portlash vaqtida “o‘sha yerda saqlanib turgan bir qator BYD avtomobillari” shikastlanganini ma’lum qildi.

“Vakolatli huquq-tartibot idoralari tomonidan rasmiy tergov-surishtiruv ishlari yakunlangandan so‘ng BYD Uzbekistan Factory tomonidan jiddiy shikastlangan avtomobillar (2 dona) utilizatsiya qilish uchun omborga jo‘natildi”, — deyiladi xabarda. Shikastlangan mashinalarning aniq soni oshkor etilmagan.

Ta’kidlanganishicha, yengil zarar yetgan (kuzovning ayrim qismlarida kichik pachoqlanish, tirnalish izlari) avtomobillarning bir qismi, shuningdek, Xitoydan tashib kelish vaqtida yengil shikastlanishlari bo‘lgan avtomobillar kelgusida ta’mirlash uchun ajratib olingan. Aynan shu maqsadda aprel oyida BYD Uzbekistan Factory tomonidan BYD avtomobil kuzovlarini ta’mirlash xizmatlarining xaridi bo‘yicha ochiq tender e’lon qilingan.

Ta’mirga muhtoj bo‘lgan avtomobillarning shikastlanish darajasi tender tanlovi uchun texnik topshiriqda ko‘rsatilgan talablarga asosan tasdiqlandi, deyiladi xabarda. Kompaniya ta’mirlangan barcha avtomobillar ishlab chiqaruvchi tomonidan texnik sinovdan o‘tkazilganini ma’lum qildi.

“Ushbu avtomobillar tizim korxonalarining ichki ehtiyojlari uchun va shuningdek, shu korxonalarning xodimlari o‘rtasida ta’mirlash ishlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berilgandan so‘ng, zavod kafolati saqlangan holda chegirmali narxlarda sotilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Ishlab chiqaruvchining ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidagi BYD Chazor va BYD Song Plus modellari 2024-yil avlodiga yangilangan.

“Avtomobilning ishlab chiqarilgan yili va yangi avlodini, uning yangilangan tashqi ko‘rinishi (feyslifting) va VIN-kodi orqali oson bilib olishingiz, shuningdek, avtomobillarning yuqorida keltirilgan hodisalardan oldin yoki keyin ishlab chiqarilgan yoki import qilinganligini aniqlashingiz mumkin. Shaffoflikni ta’minlash uchun tiklangan avtomobillarning to‘liq VIN-raqamlari ro‘yxati taqdim etilgan (havola)”, — deya qo‘shimcha qildi kompaniya.

BYD Uzbekistan Factory qo‘shma korxonasi “o‘z faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga sodiqligini” ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zavtosanoat” va Xitoyning BYD Auto kompaniyasi O‘zbekistonda avtomobillarini to‘liq siklda ishlab chiqarishni tashkil etishga kelishib olgandi. Bungacha tomonlar avtomobil bozorini o‘rgangan.

2022-yilning 29-dekabrida “O‘zavtosanoat” (60 foiz ulush) va “BYD Europe B.V.” (Niderlandiya, 40 foiz) qo‘shma korxonasi BYD Uzbekistan Factory`ni tashkil etgan. 2023-yil 26-sentabrda O‘zbekiston hukumati va investor o‘rtasida loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolangan. BYD brendi 2023-yil boshidan buyon O‘zbekistonda rasman namoyish etilmoqda.

27-iyundan zavod BYD Chazor va BYD Song Plus avtomobillarini ishlab chiqarishni boshladi. Prezidentga qilingan 10-iyuldagi taqdimotda O‘zbekiston BYD bilan V, S va budjet avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishgani aytilgandi. Ularning namunalari xitoylik hamkorlar sinovidan o‘tkazish uchun laboratoriyaga topshirilgan. Avvalroq zavod 3 ta yangi model: E2, Seagull va Yuan`ni ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.