Fransiyada poytaxti Parijdagi Olimpiada o‘yinlarining ochilish kunida bir guruh shaxslar shahar sabotaj uyushtirdi, buning oqibatida TGV tezyurar poyezdlarining bir nechta liniyalari nosoz holatga keldi, deb xabar bermoqda Reuters.

Fransiya temiryo‘llari milliy hamjamiyati (SNCF) rejalashtirilgan vandalizm harakatlariga duch kelganini aytdi. Vandallar Parijni mamlakat shimoli, g‘arbi va sharqidagi shaharlar bilan bog‘laydigan asosiy yo‘nalishlar bo‘ylab signal kabinetlariga o‘t qo‘ygan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari janubiy Parij-Marsel yo‘nalishidagi hujumning oldini olishga muvaffaq bo‘ldi.

SNCF bosh direktori Jan-Per Farandning so‘zlariga ko‘ra, texnik muammolar 800 mingga yaqin odamga ta’sir qilgan.

Fransiya bosh vaziri Gabriel Attalning aytishicha, sabotaj yaxshi tayyorlangan va tizimli ishlangan, zarar ko‘lami esa “yirik va jiddiy”. U xavfsizlik xizmatlari allaqachon aybdorlarni qidirayotganiga ishontirdi.

Qayta tiklash ishlari kamida dushanbagacha davom etadi. SNCF ko‘p sonli reyslarni bekor qildi va yo‘lovchilarni sayohatni kechiktirishga chaqirdi, deya ta’kidladi Le Monde. Parij va London o‘rtasidagi Eurostar xalqaro reyslari ham bekor qilindi.

Parijdagi Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi 26-iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:30 da boshlanadi. Milliy terma jamoalar qayiqlarda Sena daryosi bo‘ylab suzib o‘tadi. 300 minggacha tomoshabin qirg‘oq bo‘ylab joylashishi kutilmoqda.

Reuters xabariga ko‘ra, Fransiya poytaxtida xavfsizlikni 45 mingdan ortiq politsiyachi va 10 mingga yaqin harbiy xizmatchi, shuningdek, 2 ming xususiy qo‘riqchi nazorat qiladi.