Prezident ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini takomillashtirishga doir farmonni imzoladi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Farmonga ko‘ra, 2024-yil 1-sentabrdan ovchilik xo‘jaligini tashkil etishning yangicha tartibi o‘rnatiladi. Unga ko‘ra, ov qilish faqat ovchilik xo‘jaliklari hududida amalga oshiriladi va ovchilik xo‘jaliklari hududidan tashqarida ov qilishni amalga oshirish taqiqlanadi.

Shuningdek, ovchilik xo‘jaliklarini tashkil etish uchun yer yuridik va jismoniy shaxslarga elektron onlayn-auksion orqali 49 yil muddatga ijara huquqi asosida ajratiladi. Jarayon quyidagi bosqichlardan iborat bo‘ladi:

  • 1-bosqichda — 10 yil muddatga;

investitsiya va shartnomaviy majburiyatlarni bajarish natijalariga ko‘ra:

  • 2-bosqichda — 10 yil muddatga;
  • 3-bosqichda — 29 yil muddatga.

Bunda 2 yil muddat ichida yovvoyi hayvonlarni yetishtirish va takror ko‘paytirish bo‘yicha pitomniklar infratuzilmasi yoki takror ko‘paytirish uchastkasi tashkil qilinmasa, ijara shartnomasi bekor qilinadi.

Elektron onlayn auksion g‘olibi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarga ovchilik xo‘jaliklariga (ovchilik bazalari va pitomniklarga) tutash hududdagi ov qilish joylari ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun biriktirib beriladi.

Farmon bilan, Ekologiya vazirligiga quyidagi vakolatlar berildi:

  • ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnomaning namunaviy shaklini tasdiqlash;
  • ovchilik xo‘jaligini yuritishda texnik-iqtisodiy asosnoma materiallarining formatini tasdiqlash;
  • yuridik va jismoniy shaxslar bilan ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish to‘g‘risida shartnoma tuzish.

2024-yil 1-oktabrdan ovchilarga ovchilik yo‘llanmasi yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalar asosida elektron dastur orqali beriladi.

Shu muddatdan boshlab ovchilik guvohnomasini berishda yangi tartib bo‘ladi. Xususan, ovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarni maxsus o‘quv kurslarida o‘qitish joriy etiladi. Ovchilik guvohnomasi muomalaga layoqatli, 18 yoshga to‘lgan, o‘quv kurslarini tugatgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan jismoniy shaxslarga YAIDXP orqali 2 yil muddatga beriladi.

Shu bilan birga, 1-sentabrdan yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish joylarini, kichik safari parklar va ov turizmini tashkil qilgan ovchilik xo‘jaliklari 3 yil muddat mobaynida mol-mulk va yer solig‘ini 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha, shuningdek, aylanmadan olinadigan soliqni 1 foiz miqdorida to‘laydi.