O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze ertangi o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Kecha Nant shahriga yetib keldik, tayyorgarlikni davom ettirmoqdamiz. Oldimizda Misrga qarshi uchrashuv kutib turibdi. Eng asosiysi — hamma sog‘-salomat, biroq bitta yo‘qotishimiz bor. Himoyachimiz Ibrohimhalil oilaviy sabablarga ko‘ra terma jamoa ixtiyorini tark etishga majbur bo‘ldi. Lekin bunga qaramasdan reja bo‘yicha mashg‘ulotlarni davom ettiryapmiz va ertangi uchrashuvda g‘alaba qozonishga harakat qilamiz”, — dedi Kapadze.

“Misrga kelsak, Afrikaning eng kuchli jamoalaridan biri. Ular bilan o‘tgan yili Toshkentda o‘ynaganmiz. Raqibimizning kuchli tomonlari va imkoniyatlarini yaxshi bilamiz. Shunga yarasha biz ham o‘z rejamizga ko‘ra tayyorgarlik ko‘ramiz va g‘alaba qozonish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz”, — dedi jamoa murabbiyi.

Timur Kapadze Ispaniyaga qarshi kechgan o‘yin haqida ham o‘z fikrlarini yana bir bor bildirib o‘tdi.

“Birinchi uchrashuvdan keyin o‘yinimizni tahlil qilib chiqdik va o‘zimizga kerakli bo‘lgan xulosalarni chiqardik. O‘yin davomida ba’zi vaziyatlarda yaxshiroq o‘ynadik, ba’zida esa kamchiliklar ham ko‘zga tashlandi. Biroq, aytganimdek, xatolar ustida ishlab boryapmiz va hozirda bor e’tiborimiz ertangi o‘yinga qaratilgan”, — dedi Kapadze.

“Jamoada qolgan barcha sog‘, muammo yo‘q. Ibrohimhalil ketganidan so‘ng zaxira futbolchilarimizdan birini qaydnomaga kiritishga harakat qilyapmiz. Bu borada tashkiliy qo‘mitaga so‘rov yubordik, hozircha javobni kutmoqdamiz”, — dedi bosh murabbiy.

O‘zbekiston U-23 terma jamoasi ertaga Parij Olimpiadasidagi navbatdagi o‘yinini Misrga qarshi o‘tkazadi. Mazkur o‘yinda o‘zbekistonlik futbolchilar to‘liq oq libosda, darvozabon esa yashil libosda maydonga tushadi.

Uchrashuvni esa okeaniyalik hakamlar brigadasi boshqarib boradi. Bosh hakam — Kavana-Vauf Kempbell (Yangi Zelandiya), unga qanotlarda Trevis Isaak (Yangi Zelandiya) va Mutukera Bernard (Solomon orollari) yordam beradi. 4-rasmiy hakam vazifasi Hamilton Odettega (Yamayka) topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston-Misr o‘rtasidagi o‘yin 27-iyul soat 20:00 da “Stade de la Beaujoire” — “Bojuar” stadionida bo‘lib o‘tadi.