Ijtimoiy tarmoqlarda 28-iyul kuni Toshkent shahridagi “Anhor-Lokomotiv” bog‘ida osmondan lentalar yog‘dirilishi aytilgan video tarqaldi. Holat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganildi, deya xabar berdi Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.
Ma’lum bo‘lishicha, parkdagi amfiteatrda lenta shou uyushtirilishi, bunda animatorlar tomonidan lentalar aylantirilib, tomosha ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. Videoda va’da qilingan “osmondan lentalar yog‘ilishi” esa e’tiborni jalb qilish uchun aytilgan.
“Bayram tashkilotchilariga bu kabi shoular atrof-muhitning ifloslanishiga sabab bo‘lishi, ekologiya uchun zararli ekani tushuntirildi. Natijada rejalashtirilgan lenta shou bekor qilindi”, — deyiladi xabarda.
Ekologiya vazirligi xiyobonlar, dam olish maskanlari, ko‘ngilochar obyektlar mutasaddilarini yuqoridagi kabi atrof-muhitga zarar keltiradigan shoular o‘tkazmaslikka chaqirib, ekologiyaga yetkazilgan har qanday zarar uchun qonunda qat’iy jazo belgilanganini eslatib o‘tdi.