Iyunda Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi ombor quruvchilari “Shaharsozlik to‘lqini” O‘zbekiston yosh arxitektorlar uyushmasi a’zolari uchun obyekt bo‘ylab ekskursiya uyushtirdi. 20 000 kvadrat metr maydonni egallagan logistika ombori ko‘tarma kranlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “Pod’yomnik” zavodi o‘rnida qurilgan. 1990-yillarda mazkur sanoat korxonasi bir necha qismlarga bo‘lib yuborilgan. Bir muddat hudud o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, eski zavodning bir burchagida hatto Ichki ishlar vazirligining xizmat itlari ham saqlangan, deydi CMWP Uzbekistan qurilish loyihalarini boshqarish bo‘limining loyiha direktori Andrey Shmelkov. Bir necha yil avval sobiq zavodning qariyb 4 gektarini Balton Trading Asia logistika kompaniyasi sotib oldi. Zavod sexlaridan biri negizida binolar qurilishini ekologik baholash bo‘yicha BREEAM standartlariga muvofiq ombor qurildi.

Yangi Toshkent bosh arxitektori avvalroq “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida shahardagi har bir binoning quruvchisi BREEAM sertifikatini olishga harakat qilishi zarurligini ta’kidlagan edi.

Arxitektorlar uchun Balton omborida tashkil etilgan ekskursiyada ishtirok etgan “Gazeta.uz” muxbiri Sabina Bakayeva xalqaro “yashil” standartlar o‘zi nima ekanligi, ularga amaliyotda qanday rioya qilinishi, ombor kabi ko‘zga tashlanmaydigan obyektga “yashil kartochka” nima uchun kerakligi haqida hikoya qiladi.

Qurilishning xalqaro “yashil” standartlari — bu nima degani?

Butun dunyoda “yashil” binolar beshta asosiy xalqaro standartlarga muvofiq baholanadi. Sertifikatlar loyihaga ham, qurib bitkazilgan obyektlarga ham berilishi mumkin. Ayni vaqtda, loyiha uchun sertifikat olish bino foydalanishga topshirilgandan keyin baholashdan o‘tishni kafolatlamaydi.

BREEAM — Building Research Establishment Environmental Assessment Method yoki binoning samaradorligini ekologik baholash usuli — bu 1990-yilda Britaniyaning BRE Global tashkiloti tomonidan binolarning ekologik samaradorligini baholash maqsadida ishlab chiqilgan “yashil” binolarni baholashning ixtiyoriy reytingi.

Ushbu usul Yevropaning atrof-muhit va iqlimga salbiy ta’sirni kamaytirishga qaratilgan ilg‘or qurilish amaliyotlarini o‘z ichiga oladi. BREEAM salomatlik va farovonlik, energiya ishlab chiqarish usullari, foydalanilgan qurilish materiallari, yerdan foydalanish va ekologiya, atrof-muhitning ifloslanishi va boshqa shu kabi mezonlar asosida baholaydi.

Binoga umumiy baho besh ballik shkala asosida shakllantiriladi: bazaviy, yaxshi, juda yaxshi, a’lo va qoyilmaqom.

Turli manbalarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 600 mingdan ortiq binolar BREEAM sertifikatiga ega. Ikki milliondan ortiq bino sertifikatlashdan o‘tkazish uchun ro‘yxatga olingan. Balton Trading Asia ombori ham ular sirasiga kiradi. CMWP Uzbekistan ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentdagi yana ikkita bino — IT-Park va Summit biznes markazi — allaqachon mos ravishda juda yaxshi va qoyilmaqom reytingi bilan BREEAM sertifikatini olib ulgurgan.

“yashil” standartlar, yashil qurilish

Foto: Shuhrat Latipov / “Gazeta.uz”.

LEED — Leadership in Energy and Environmental Design yoki energiya tejamkorlik va yashil loyihalash bo‘yicha yetakchilik — bu yashil qurilishga taalluqli binolarni ixtiyoriy sertifikatlash tizimi. Ushbu usul 1998-yilda “yashil” binolar bo‘yicha Amerika kengashi tomonidan ishlab chiqilgan.

Sertifikat qurilishda eng samarali va ekologik toza loyihalash usullaridan foydalanilganligini tasdiqlaydi. Energiyani tejash, ichimlik suvidan foydalanish samaradorligi, uglerod gazi chiqindilarini kamaytirish, atrof-muhit va binodagi ichki muhit sifatini yaxshilash hamda resurslarni boshqarish shular jumlasidan.

LEED 100 balllik shkalada to‘rtta darajani taklif qiladi: bazaviy, kumush, oltin va platina.

“Yashil” binolar bo‘yicha Amerika kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyo bo‘ylab 197 ming bino sertifikatlangan. Toshkentda Parkent Plaza turar-joy majmuasi va Trilliant biznes markazi LEEDʼning bazaviy va oltin standartiga mos keladi, deya qayd etadi CMWP. Zamonaviy san’at markazi va Davlat san’at muzeyi ayni paytda sertifikatlash jarayonidan o‘tkazilmoqda.

“yashil” standartlar, yashil qurilish

Trilliant biznes markazi. Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.

EDGE — Excellence in Design for Greater Efficiencies (Samaradorlikni oshirish uchun dizayndagi takomillashuv) — bu Jahon banki guruhiga bo‘ysunuvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan “yashil” qurilish standartidir.

Sertifikat ichimlik suvi va energiya tejamkorlik, shuningdek, qurilish materiallarining uglerod izini baholaydi. EDGE uchta baholash darajasiga ega: CO2-neytral binolar uchun bazaviy, ilg‘or va eng yuqori daraja. Hozirda Toshkentdagi NUR turar-joy majmuasi aynan shu standart bo‘yicha sertifikatlash bosqichida.

WELL — 2013-yilda Kaliforniyadagi Xalqaro quduq muhandisligi instituti tomonidan ishlab chiqilgan, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ilk qulay ichki muhit standarti hisoblanadi. Standart faqat binodan foydalanuvchilarning salomatligi va farovonligiga ixtisoslashtirilgan. U havo, suv, yoritish, harorat qulayligi, jamiyat va innovatsiya kabi mezonlarni qamrab oladi.

WELL sertifikati 25 mln kishi ishlayotgan va yashayotgan 74 mingga yaqin tijorat va turar joy binolariga berilgan. Standart obyektlarni to‘rt balli shkala bo‘yicha bronzadan platinagacha bo‘lgan darajalarda baholaydi. O‘zbekistonda hozircha WELL sertifikati egalari yo‘q.

Fitwell — 2017-yilda AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari tomonidan ishlab chiqilgan inson salomatligini saqlash standartidir. U jismoniy va ruhiy salomatlikni saqlash maqsadida faol hayot tarzi uchun zarur qulayliklar tashkil etishga yo‘naltirilgan.

Standart binoning joylashuvi va unga kirish imkoniyati, tashqi makon, ish va umumiy foydalanish joylari, suv ta’minoti va favqulodda vaziyatlarga shayligini baholaydi. Binolar bittadan uchtagacha yulduzlar bilan baholanadi. O‘zbekistonda Fitwell standartiga ega obyektlar ham hozircha mavjud emas.

Binolarni qurishda “yashil” standartlarga qanday rioya qilish mumkin?

Andrey Shmelkovning so‘zlariga qaraganda, Balton Trading Asia oldida palletli saqlash va logistika operatsiyalariga mo‘ljallangan zamonaviy quruq ombor qurish vazifasi turgan edi. Dunyodagi barcha omborlarning asosiy qismini ana shunday omborlar tashkil qiladi.

“Yuk konteynerlari odatda muayyan miqdordagi palletlar uchun mo‘ljallanadi. Butun boshli global logistika yuklarni tashish va saqlash qulay kechishi uchun muayyan miqdordagi palletlarga qadoqlash asosiga qurilgan”, — deydi Andrey Shmelkov.

Mutaxassisning fikricha, omborning zamonaviy O‘zbekistondagi ko‘plab arxitektura loyihalaridan ajralib turuvchi o‘ziga xos xususiyati — mavjud obyektning qayta qurilganligidir. Uning qurilishi uchun kompaniya ko‘tarma kran zavodi sexini buzmaslikka, balki uni chuqur qayta ta’mirlashga qaror qildi.

Loyiha ustida dastavval Rossiya arxitektura kompaniyasi ishlagan. Biroq keyinroq loyihani to‘liq qayta ishlashni arxitektura bo‘yicha akademik Muhammad Vohidov boshchiligidagi o‘zbekistonlik mutaxassislar jamoasiga topshirishga qaror qilindi.

“yashil” standartlar, yashil qurilish

Foto: CMWP Uzbekistan.

Zavodning angari bir qavatli binodan iborat edi. Tom qismi ustunlar va temir-beton konstruksiyasi — yirik binolarda tom qoplamalarini qurishda foydalaniladigan to‘sinlarning yig‘ma konstruksiyasi yordamida ko‘tarilgan. Tom gumbaz shaklidagi oynalardan ishlangan yorug‘lik fonari bilan bezatilgan. Zavodning ustun jihati havo aylanishini ta’minlovchi minorasida edi. Undagi ventilyatorlar tashqaridan havoni so‘rib olgan va yerosti kanallari orqali haydab, uni sovitib turgan. Shundan keyin sovitilgan havo zavod binosi ichkarisiga kirgan. O‘tgan asrda, foydalanish mumkin bo‘lgan sovitish tizimlari mavjud bo‘lmagan sharoitda, havo shunday sovitilgan.

“yashil” standartlar, yashil qurilish

Foto: CMWP Uzbekistan.

Quruvchilar ustunlar va to‘sinlarni saqlab qolishga qaror qildi. O‘rganishlar natijalariga ko‘ra, konstruksiyaning katta qismi qoniqarli holatda bo‘lib, zarur mustahkamlash ishlari olib borilgandan so‘ng bino zamonaviy konstruktiv hisob-kitoblarga mos keldi.

“Hamma narsa demontaj qilib bo‘lingan, ustunlar va konstruksiyadan boshqa hech narsa qolmagan paytda, Toshkentda ikkita kuchli zilzila sodir bo‘ldi, — deb eslaydi Andrey Shmelkov 2023-yil 21 va 23-martdagi yer silkinishlari haqida. — Biz allaqachon hamma narsani mustahkamlab bo‘lgan edik, shunga qaramay, konstruksiyalarning hammasi ham hali gorizontal ulanishlar bilan bog‘lanmagan edi. Shunda biz hammasi yaxshi ekanligiga ishonch hosil qildik”.

Mutaxassisning fikricha, omborlarda eng muhim va qimmat narsa pol hisoblanadi. Omborning qanchalik yaxshi yoki yomonligi unga qarab baholash mumkin. Binoning boshqa har qanday tarkibiy qismlarini ta’mirlash va qayta ta’mirlash mumkin, lekin agar polning hisob-kitobi noto‘g‘ri olinsa, bu har doim ombor faoliyatida muammo tug‘diradi, chunki ishlab turgan binoda poydevori noto‘g‘ri qurilgan pollarni ta’mirlash deyarli imkonsiz.

“Bu yerda binoning vaznidan tashqari har birining og‘irligi 800 kg bo‘lgan 22 mingta pallet mavjud. Barchasini ko‘paytirsangiz, bu juda og‘ir konstruksiya, — deb tushuntiradi Andrey Shmelkov. — Yaxshi pol qilish uchun birinchi navbatda asosni tayyorlash kerak: tuproqni shibbalash yoki uni almashtirish. Agar tuproq yomon bo‘lsa, pol plitasi cho‘kishi mumkin”.

Omborlarda yerto‘lalar bo‘lmasligi kerak. Pol plitasi ostidagi har qanday bo‘shliq tuproq cho‘kishi va polda nuqsonlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun havoni sovutishga mo‘ljallangan yerosti kanallari loyihalashtiruvchilar oldiga murakkab vazifa qo‘ydi. Ularni gidravlik bolg‘a bilan yo‘q qilishga to‘g‘ri keldi. Buning uchun quruvchilar ustunlarni kanallar poydevorigacha ochib qo‘ydi. Keyin tuproq shag‘al va qum qatlami bilan almashtirilib, shibbalandi.

“yashil” standartlar, yashil qurilish

Yerosti kanallarini yo‘q qilish. Foto: CMWP Uzbekistan.

“Ishonchli hujjatlar yo‘qligi bois ko‘p hollarda bu yerda qanday kommunikatsiya o‘tganini bilolmadik. Ular sovet davrida qurilganligi sababli, hammasi qanday to‘g‘ri kelsa, shunday qurilgan. Qandaydir chizmalar bo‘lgan taqdirda ham ular hech qanday geologik asos, kommunikatsiya sxemalariga ega emasligi ma’lum bo‘ldi — hech narsaga ishonib bo‘lmasdi. Qazib ko‘rmaguningizgacha u yerda nima borligini bilolmaysiz. Biz har safar yangi bo‘shliqlarga duch kelardik. Bu muddatni biroz kechiktirdi. Bundan tashqari, ustunlarni mustahkamlash odatdagi vazifa emas va yetarlicha mashaqqat talab qiladi, chunki bo‘shliqlarni tuproq qatlami bilan to‘ldirib shibbalash ham shunday. Biroq biz kerakli tuproq zichligi hosil qilinganiga ishonchimiz komil bo‘lguniga qadar sinovlarni to‘xtatmadik va shundan keyingina polni yotqizdik”, — deydi Shmelkov.

Mustahkam qoplamali pollar — ombor qurilishidagi yana bir katta vazifa, deydi ekspert. Dunyoda buning ikkita usuli keng qo‘llaniladi: mustahkam ustki qoplamali beton va polimerli quyma pollar. Ikkinchi usulning narxi birinchisiga qaraganda bir necha baravar baland.

“yashil” standartlar, yashil qurilish

Foto: Balton Trading Asia.

“Ko‘pchilik odatda beton pol yotqizadi va bu ko‘ngildagidek chiqmagan taqdirda, ustidan polimer pol qilinadi. Beton pol uchun tijorat sinfidagi beton ishlatiladi. U GPS mayoqlari yordamida lazer yotqizish usuli bilan quyiladi, shunda pol bir xil tekislikda bo‘ladi. Xuddi shu usuldan foydalangan holda tijorat sinfidagi betonning ustiga „topping“ quyiladi — bu betonning yuqori qatlamining sinfini sezilarli darajada oshiruvchi maxsus shaklda suriladigan maxsus qorishma. Bu texnologiyada juda ko‘p nyuanslar bor, chunki beton kimyoviy reaksiya hisoblanadi. Zavoddan olib kelishda u quyuqlashishi yoki juda suyuq holatda kelishi mumkin. Agar qoplamaning biror yeri shikastlansa, yamaladi, biroq kvadrat metr uchun bunday ta’mirning narxi bir kvadrat metr pol narxidan bir necha baravar qimmat, chunki ikki komponentli tarkibdan foydalaniladi”, — deydi Andrey Shmelkov.

Ekologiya va energiya tejamkorlik

Omborni sovitish va isitish to‘liq quyosh panellari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hisobiga ta’minlanadi. Ular sutkasiga 260 kVt quvvat ishlab chiqaradi. Andrey Shmelkovning so‘zlariga ko‘ra, iyun boshidagi issiq kunda, birgina ombor sovitish va yoritishni hisobga olgan holda shahar elektr tarmog‘idan atigi 30 kVt energiya iste’mol qilgan.

Bunday minimal iste’mol bir nechta yechimlar bilan izohlanadi. Birinchi navbatda, loyihalashtiruvchilar yorug‘lik fonari — bino tomiga o‘rnatilgan oynalardan voz kechishga qaror qilishdi, chunki bunday katta shishali maydon sovutish va isitish xarajatlarining 20 foizga oshishiga olib kelgan bo‘lardi.

Ombordagi optimal harorat 16−24 daraja iliqni tashkil etishi lozim. Andrey Shmelkovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning keskin kontinental iqlimiga xos bo‘lgan kunning turli vaqtlarida haroratning keskin o‘zgarishi energiyani tejash imkonini beradi. Shunday qilib, kechasi, tashqarida +25 daraja bo‘lganda, ventilyatorlar tashqi havoni so‘rib, 20 darajaga qadar sovutadi. Kun davomida, tashqarida harorat +45 ga ko‘tarilganida, havo oqimi yopiladi.

“yashil” standartlar, yashil qurilish

Foto: Balton Trading Asia.

“Ombordagi kislorod miqdori yetarli, degan hisob-kitobimiz bor. Havoni aralashtirib turuvchi maxsus ventilyatorlar o‘rnatganmiz. Kun davomida ko‘chadan issiq havo olmaymiz, lekin tunda, havoni sovutish uchun kamroq resurs talab qilinadigan paytda olingan havodan foydalanamiz. Kunduzi bizda quyosh panellari ishlab chiqaradigan elektr energiyasi hisobiga omborni sovutadigan chiller ishlaydi. Shunday qilib, ombor energiya resurslarini sezilarli darajada tejaydi va kunduzi tungiga qaraganda kamroq elektr energiyasini iste’mol qiladi, bu shahar tarmoqlari uchun ham yaxshi, chunki yozda kunduzgi vaqtlarda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj tundagiga qaraganda yuqoriroq bo‘ladi”, — tushuntiradi Andrey Shmelkov.

Quyosh panellarini loyihalashtiruvchilar odatdagidek tomga emas, balki avtoturargoh ustiga o‘rnatishga qaror qilishdi. Buning bir qancha sabablari bor. Birinchidan, panellar avtoturargohda soya manbai bo‘lib xizmat qiladi. Ikkinchidan, estetik jihatdan chiroyli ko‘rinadi. Va nihoyat, eng muhimi, tomga tunuka yotqizilgan. Bu juda qimmat turadi, shuning uchun quyosh panellarini o‘rnatishda tavakkal qilmaslikka qaror qilingan.

“yashil” standartlar, yashil qurilish

Foto: Balton Trading Asia.

Tomning turi iqlimga qarab tanlangan, deb tushuntiradi Andrey Shmelkov. O‘zbekistonda bugungi kunda asosan uch turdagi tom yopish qo‘llaniladi: profnastil, membranali tom va sendvich panellar. Birinchi material yaxshi ustalarni talab qiladi, ikkinchisi O‘zbekistonda hali qo‘llanilmaydi, bizning iqlim sharoitida u o‘zini qanday tutishi noma’lum.

Sendvich panellar — eng keng tarqalgan material. Balton omborida fasad qoplamasida ishlatilgan. Ushbu material tom yopishda bitta kamchilikka ega.

“Sendvich panellarda qulf bor. Isitilganda panel kengayadi. U devorda bo‘lganida, qandaydir tarzda o‘z vazni ostida qayta turadi. Gorizontal holatda esa, ayniqsa, bunday katta maydonda (bizda uzunligi 200 metr) bo‘lsa, u holda tomning kengayishi shunday bo‘ladiki, issiqda u bir necha santimetrga „uzoqlashadi“, lekin uni dastlabki holatga qaytishga majburlaydigan kuch yo‘q. Shundan keyin tom oqadi. Tunuka tomning ikkita burmasi bor. Tom kengayganida, bu ikkita burma birlashadi, shundan keyin prujina kabi ajraladi va tomning mahkamligi buzilmaydi. Uning o‘zi harorat ta’siri ostidagi kengayishni qoplaydi”, — deydi Andrey Shmelkov.

“yashil” standartlar, yashil qurilish

Foto: CMWP Uzbekistan.

Ayrim ko‘p yillik o‘simliklar binoning yangi funksiyasiga xalal berishiga qaramay, hududdagi barcha daraxtlar saqlab qolingan. Ularni kesmaslik maqsadida loyihalashtiruvchilar doklar — tovarlar yuk mashinalariga ortiladigan joylarning joylashuvini o‘zgartirishga qaror qilishdi.

“Sanoat obyekti hisoblansa-da, bu yerda 200 ga yaqin daraxt bor, lekin ishni boshlashimizdan avval 100 tadan kamroq edi”, — ta’kidlaydi Andrey Shmelkov.

Omborlarga “yashil” sertifikat nima uchun kerak

“„Yashil“ sertifikat olish — juda mashaqqatli ish. Avvaliga bu qarorlarning hammasini loyihaga kiritish kerak, keyin qurilish jarayonida ularning bajarilganiga ishonch hosil qilish kerak. Shuning uchun qurilish bosqichida biz qayta ishlatiladigan material hisobini alohida olib bordik, g‘isht yoki betondan qayta foydalanishga harakat qildik. Masalan, saralangan eski g‘ishtdan quruvchilar uchun vaqtinchalik dushxonalar va kiyinish xonalari qurishda foydalanildi”, — deydi Andrey Shmelkov.

Qayta qurish jarayonida jamoa oldida turgan loyiha, qurilish va muhandislik bilan bog‘liq barcha muammolarni hisobga olinsa, haqli savol tug‘iladi: hammasini buzib, noldan qurish arzonroq tushmasmidi?

“Bizda yaxshi masofada joylashgan ustunlar, hozir ishlab chiqarilmaydigan yaxshi to‘sinlar bor edi — nima uchun ulardan foydalanmasligimiz kerak?! Albatta, yangi bino qurish bunchalik qimmatga tushmasdi, chunki ustunlarni mustahkamlash, yerto‘lalarni tugatish, tuproqni almashtirish va shibbalash — bu juda katta ish”, — deya sanab o‘tdi Andrey Shmelkov.

Biroq BREEAM “yashil” sertifikati ko‘rsatkichlarining taxminan 75 foizi jamiyatga, atrof-muhitga ta’sirni, xodimlar yoki binodan foydalanuvchilar uchun qulaylikni baholaydi va 25 foizigina energiya tejamkorligiga to‘g‘ri keladi, deb tushuntiradi ekspert.

“yashil” standartlar, yashil qurilish

Shahar bog‘i hududidagi qurilish.

“Binoni buzib tashlagan taqdirimizda, „yashil“ sertifikatni boshqa mezonlarga ko‘ra olgan bo‘lardik. BREEAM mezonlari xilma-xil va siz turli ko‘rsatkichlar yordamida ball to‘plashingiz mumkin. Yomg‘ir suvini yig‘ish tizimlari, devorlarning muayyan ko‘rsatkichdan yuqori issiqlik izolyatsiyasi, qulay yo‘llar, CO2 chiqindilari va boshqalar bo‘yicha bandlar mavjud. Har bir ko‘rsatkich o‘z salmog‘iga ega. Bundan tashqari, bu salmoq mintaqaga qarab farq qiladi. Masalan, Yevropada qayta tiklanadigan energiya uchun O‘zbekistondagiga qaraganda kamroq ball beriladi, chunki bu yerda u iqtisodiyot uchun muhimroq”, — deydi Andrey Shmelkov.

BREEAM yomg‘ir suvi o‘tkazuvchanligini ham hisobga oladi, deya qo‘shimcha qiladi mutaxassis. Agar butun maydonga beton quyilgan yoki asfaltlangan bo‘lsa, yomg‘ir suvi shaharning drenaj tizimi uchun katta yuklamaga aylanadi va tabiatda suvning normal aylanishiga to‘sqinlik qiladi. Shuning uchun yomg‘ir suvi tuproqqa tushishi muhim. Loyihalashtiruvchilar hududdagi maysazorlar va daraxt tanasini o‘rab turuvchi gulxonalarga qo‘shimcha ravishda avtoturargohlardan biriga maysazor panjarasini yotqizishga qaror qilishdi. Bir tomondan, bu suvning tuproqqa tushishiga imkon beradi, boshqa tomondan, loy hosil bo‘lmaydi.

“yashil” standartlar, yashil qurilish

Moskvadagi turar joy hovlisi avtoturargohdagi maysazor panjarasi. Foto: Vikipediya.

Andrey Shmelkovning qo‘shimcha qilishicha, “yashil” sertifikat mijozlar bilan ishlashda binolarning jozibadorligini oshiradi. Agar xalqaro ishlab chiqaruvchi O‘zbekistonga mahsulot yetkazib berishga qaror qilsa, u zamonaviy omborni tanlaydi, chunki ekologik standartlar va tasnif, xususan, omborlar misolida, mohiyatan obyekt sifatining xalqaro belgisidir. Sifatli dizayn, aniq navigatsiya va omborni boshqarishning zamonaviy kompyuterlashtirilgan tizimi logistika operatsiyalarini tezlashtiradi. Bundan tashqari, global brendlar uchun xodimlar uchun qulaylik, ularning xavfsizligi, shuningdek, mahsulot xavfsizligi va atrof-muhitga ta’siri ham katta ahamiyatga ega.

Andrey Shmelkovning so‘zlariga ko‘ra, omborni boshqarish tizimi logistika operatsiyalarining buyurtmani shakllantirishdan tortib ombordan do‘konga yetkazib berishgacha bo‘lgan butun zanjirini kuzatish imkonini beradi.

“Aytaylik, tish pastasi palleti keldi. Do‘konga butun boshli pallet kerak emas, bir nechta quti kerak. Muayyan do‘kon uchun buyurtma yaratiladi, tizim bu buyurtmalarni taqsimlaydi, odamlar ularni yig‘adi, kichik yuk mashinalariga joylashtiradi va do‘konlarga yetkazib berish boshlanadi. Tizim qayerda va nimani olish kerakligini ko‘rsatish bilan cheklanib qolmaydi. U doimiy ravishda tovarlar oqimini tahlil qiladi va ularni javonlarga joylashtiradi, shunda tez-tez olinadigan narsa pastroq, kamroq olinadigan narsa yuqoriroqda joylashadi. Shunday qilib, ombor imkon qadar samarali ishlaydi, chunki logistikada pul tezlikka bog‘liq. Agar siz ombor qursangiz, lekin tovarlarga xizmat ko‘rsatish uzoq vaqt talab qilsa, u holda juda raqobatbardosh va texnologik jihatdan rivojlangan logistika biznesi kulingizni ko‘kka sovuradi”.

“yashil” standartlar, yashil qurilish

Foto: Balton Trading Asia.

Omborlarni qurishga investitsiyalarning qaytimi 6−8 yilni tashkil etadi, deydi Andrey Shmelkov. Agar kompaniya barcha logistika operatsiyalarini mustaqil ravishda amalga oshirsa, maydonni ijaraga berish bilan solishtirganda kvadrat metr uchun rentabellik yuqoriroq bo‘ladi.

Umuman olganda, ekspertning fikricha, hatto ombor singari ko‘zga tashlanmaydigan binoning qayta qurilishi ham obyektning qiymatini oshiradi.

“O‘zbekistonda qayta qurilgan loyihalar deyarli yo‘q. Esimda, Toshkentga kelganimda tarixiy binolar: ular nima maqsadda foydalanilgan va bugungi kunda qanday holatda ekanligi haqida hikoya qilingan katalog kitob sotib olgandim. Bu kitobda sovet davrida sharqona uslubda qurilgan hammomni topdim. U yerda obyekt buzib, avtoturargohga aylantirilgan, deb yozilgan edi. Ko‘pincha quruvchi kompaniyalar obyektga kelganlarida, maydonni tekislaydilar va butunlay yangi bino quradilar. Menimcha, bu nafaqat shaharsozlik nuqtai nazaridan, balki binoning kapitallashuvi nuqtai nazaridan ham noto‘g‘ri, chunki binoning o‘z tarixiga ega bo‘lishi uning o‘ziga xosligini oshiradi. Albatta, sanoat maydoni — bu Sagrada Familia emas. U juda ko‘p cheklovlarga to‘qnash keladi. Biroq kelajakda ushbu bino ham arxitektorlar uchun allaqachon xizmatini o‘tab bo‘lgan va endilikda foydalanilmayotgan sanoat obyektlarida arxitektura, qurilish va muhandislik yechimlari namunasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin, bundan tashqari, bu resurslarga oqilona munosabatda bo‘lish namunasi hamdir”.