Raqobat qonunchiligi talablari buzilgani yuzasidan Kosonsoy tumani obodonlashtirish boshqarmasiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi, deb xabar qildi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi.

Qo‘mitaning Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tashkilotning 28 ta tender savdosida monitoring ishlari olib borgan. Natijada boshqarma 2023-yilda o‘tkazgan 15 ta, 2024 birinchi yarimyilligidagi 13 ta tender savdolarida takliflarni baholash mezonlari buzilgani aniqlangan. Ushbu davlat xaridlarining umumiy boshlang‘ich narxi 2,3 milliard so‘mni tashkil etadi.

Holat yuzasidan “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablari buzilishi yuzasidan boshqarmaga belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, holatni bartaraf etish uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi. Shuningdek, qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.