Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining tender savdolarida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining buzilgani aniqlandi, deya ma’lum qildi Raqobat qo‘mitasi.

Qayd etilishicha, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan 2024-yil 10-iyunda boshlang‘ich qiymati 26 mlrd 500 mln so‘mga yaqin o‘tkazilgan tender savdolari yuzasidan murojaat kelib tushgan.

Qo‘mita tomonidan murojaatga asosan olib borilgan o‘rganishlarda tender savdolari yo‘l belgilari uchun bo‘yoqlar va shisha mahsulotlarni xarid qilish uchun o‘tkazilgani ma’lum bo‘lgan.

Ishni ko‘rib chiqish natijasida, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 29-moddasi talablari buzilgan deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga nisbatan tender savdo natijasini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Shuningdek, ushbu qonun buzilishi holatiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxsga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikni belgilash masalasi ko‘rib chiqilishi qayd etilgan.

Raqobat qo‘mitasi maxsus komissiyaning ushbu qaroridan norozi bo‘lgan tomon qo‘mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanini eslatib o‘tdi.