Iyun oyi oxirida Toshkentning qadimiy mahallalaridan biri — “Hastimom"da joylashgan Zarqaynar ko‘chasida, shuningdek, unga yondosh berk ko‘chalarda havodagi kommunikatsiya tarmoqlarini yer ostiga o‘tkazish bo‘yicha ishlar boshlandi. “Gazeta.uz” muxbirlari Zarqaynarda bo‘lib, u yerdan fotoreportaj tayyorladi.

Foto: Murod Yusuf / “Gazeta.uz”Foto: Murod Yusuf / “Gazeta.uz”

"Qulaylik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida"

Olmazor tumani uy-joy kommunal xizmati bo‘limi boshlig‘i Saidolim Saidnazarovning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, 2024/2025-yilgi kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish, Eski shaharda yashovchi aholining ijtimoiy turmush darajasini yaxshilash hamda hududni obodonlashtirish maqsadida “yer ustidan o‘tkazilgan va zamon ko‘rkini to‘sib turgan kommunikatsiyalar, me’yoriy norma va standartlar asosida, yer ostidan o‘tkazilmoqda”.

“Kabellar havodan o‘tkazilgan. Shamol bo‘lganida uzilishi, qor-yomg‘irli kunlarda ustiga shox-shabba tushib, nosozliklar kuzatilishi mumkin. Aynan shu yerda ham shunday bo‘lganmi-yo‘qmi, buni aniq aytolmayman, ammo 2023-yilgi anomal sovuq vaqti boshqa ko‘p joylarda shunday holatlar bo‘lgandi. Shu bois elektr, gaz va boshqa kommunikatsiyalar yer ostidan o‘tkazilyapti”, — dedi Saidnazarov.

Tuman hokimligi vakilining qo‘shimcha qilishicha, bu yerda xavfsizlik masalasi ham bor.

“Yer ustidan o‘tkazilgan simlarga noqonuniy ulanishlar ehtimoli bor. Bunday harakatlar nafaqat noqonuniy, balki aholining o‘zi uchun xavfli ham. Biz bunday ulanishlarni avtomatik aniqlolmaymiz, kimdir xabar bersagina, kelib, tekshirib, aniqlashimiz mumkin. Shunday ekan, kabel va quvurlar yer ostidan o‘tishi bilan bunday noqonuniy ulanishlar ehtimoli kamayadi, o‘z-o‘zidan xavfsizlik darajasi oshadi”, — deydi u.

Hozir Zarqaynarda 70 ga yaqin ishchi va mutaxassis ishlayapti, ish ikki (kunduzgi va tungi) smenada tashkil etilgan. Kommunikatsiyalarni ko‘chirish jarayonida aholi oldindan elektr va gaz o‘chirilishidan ogohlantirilmoqda. Ishlar avgustgacha yakunlanishi rejalashtirilgan.

Aholi birdek mamnun emas

Zarqaynar 2-berk ko‘chasida istiqomat qiluvchi Ma’ruf Sharipov qurilish-ta'mirlash ishlari butun hududni “va'da qilinganidek” qamrab olmayotganidan norozi. Darhaqiqat, “Gazeta.uz” muxbirlari mahallada bo‘lgan kunda 2-berk ko‘chaning bir qismida, 6-berk ko‘chaning esa Zarqaynar ko‘chasidan ko‘rinadigan boshlanish qismidagina kommunikatsiyalarni tartibga keltirish ishlari olib borilayotgan edi.

2-berk ko‘chada istiqomat qiluvchi Ma’ruf aka Sharipov esa bundan norozi ekani, bu masalada shtab vakillariga, mahalla raisiga ko‘p bora murojaat qilgani, ammo na amaliy ish ko‘rayotgani, na aniq javob ololmayotganini bildirdi.

“[Olmazor tumani] hokimi [Azizxon Umarxonov] kelib, mahallada majlis qildi. „Bu uylar endi buzilmaydi, sizlarga qulay bo‘lishi uchun kommunikatsiyalarni, elektr, gaz, suvni yer ostidan o‘tkazib, har bir xonadongacha olib kirib beramiz“, deyishdi. Ammo ish hamma joyda bo‘layotgani yo‘q”, — dedi Ma’ruf aka.

Uning ta’kidlashicha, 2-berk ko‘chadagi to‘rt uyning kommunikatsiyalari tartibga keltirilgan, ammo ko‘chadagi qolgan 8 ta uyga qaralmagan.

“Avvaliga „sizlar tarafga ham o‘tamiz“, deyishdi. Kutdik, yana so‘rasak, shu ishlarga hokimlikdan jalb qilingan odam sherigiga: „Faqat ko‘rinadigan qismini qil, deb aytgandingiz-ku!“, deganini eshitib qoldim. Bizga simlarni devor ortidan o‘tkazib berisharkan. Boloxona yog‘ochdan — yonib ketsa nima bo‘ladi? Bunisini o‘ylashmayapti”, — deydi u.

Fuqaroning qayd etishicha, bu kabi obodonlashtirish-tartibga solish ishlari avvallari ham ko‘chalarning ko‘zga ko‘rinarli qismlaridagina amalga oshirilgan.

“Mana bu — ichkaridagi asfaltni ko‘ryapsizmi? Oxirgi marta 40 yil avval yotqizilgan. Har zamonda qo‘shnilar bilan pul yig‘ib, o‘yilib ketgan joylarini yamab turganmiz. Ko‘chaning ko‘rinadigan qismlari asfaltini esa ko‘p yangilashgan. Yaqinda ham boshqatdan yotqizishgandi — mana yana qaytadan qilishadi. Nima, qolganlar o‘gaymi?”, — deydi u.

berk ko‘cha, eski shahar, hastimom-mahalla, olmazor tuman hokimligi, zarqaynar ko‘chasi

Olmazor tumani hokimligi vakili “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda “sim va quvurlarni yer ostidan standart asosida o‘tkazish imkoni yo‘q joylarda ular yer ostidan o‘tkazilmasligi"ni, lekin barcha ko‘chalarning asfalti yangilab berilishini ta’kidladi.

“Gazeta.uz” Zarqaynardagi qurilish-ta'mirlash ishlari haqida batafsil axborot berishni so‘rab Olmazor tumani hokimligi matbuot xizmatiga murojaat qilgan.