O‘zbekiston OTMlariga 2024-yilgi kirish imtihonlarida abituriyentlarning 46,9 foizi o‘tish ballining eng quyi chegarasi bo‘lgan 56,7 ballni to‘play olmadi. Bu haqda huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotlariga tayanib ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda 737 ming 351 nafar abituriyent testga kirgan. Bu o‘tgan yilgiga (888 ming 472 nafar) qaraganda 151 mingga kam. Testga kirgan abituriyentlarning 345 ming 869 nafari (46,9 foiz) 56,7 ballni ham to‘play olmagan. 56,7 dan ko‘proq ball to‘plagan abituriyentlar soni 391 ming 482 nafarni (53,1 foiz) tashkil qiladi.

“O‘tgan yilgi holat bilan solishtirganda ahvolimiz nisbatan yaxshilanibdi. Umuman olganda yildan yilga yaxshi tomonga o‘zgarish bor. O‘tgan yili 49,4 foiz, aniqrog‘i 439 ming abituriyent 56,7 ball ham to‘play olmagandi, joriy yilda bu ko‘rsatkich 2,5 foizga yaxshilandi”, — deydi huquqshunos.

Foto: Xushnudbek.uz / Telegram.Foto: Xushnudbek.uz / Telegram.

2024-yilda eng yomon ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida (51,8 foiz), nisbatan yaxshiroq natija esa doimgidek Toshkent shahrida (35,9 foiz) qayd etilgan.

O‘tgan yili 8 ta hududda abituriyentlarning 50 foizdan ko‘prog‘i 56,7 balldan past ball olgan edi. Joriy yilda bunday hududlarning soni 4 taga tushdi. Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyati o‘z natijasini yaxshilab, 50 foizdan pastki chiziqqa o‘ta olgan.

O‘tgan yilga qaraganda natijasini eng ko‘p yaxshilagan 5 ta hudud:

  • Toshkent shahri — 4,9 foiz;
  • Toshkent viloyati — 4,9 foiz;
  • Jizzax — 3.7 foiz;
  • Buxoro — 3,5 foiz;
  • Sirdaryo — 3,1 foiz.

O‘tgan yilgiga qaraganda natijasi yomonlashgan bironta hudud yo‘q.

“56,7 ball — bu to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori 189 balning 30 foizi degani. Ya’ni abituriyent hech bo‘lmasa 30 foiz bilimga ega bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkichni to‘play oladi. 30 foiz bilim esa reyting tizimidan qiyos olsak, hatto 2 baho ham emas! 1 baho desak to‘g‘ri bo‘lar balki”, — deya xulosa qilgan huquqshunos.